Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Toshkentda fuqaro shishadoshini kaltaklab, pullarini olib qo‘ydi

Toshkentda fuqaro shishadoshini kaltaklab, pullarini olib qo‘ydi

Nodir (ism-shariflar o‘zgartirilgan) sudda o‘z aybiga qisman iqror bo‘ldi. O‘sha kuni mast holatda bo‘lgani, poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Registon” to‘yxonasi yaqinidagi spirtli ichimliklar sotiladigan do‘konda SH. To‘xtasinov bilan tanishganligini aytdi. Nodir spirtli ichimliklar do‘konida tanishgan yangi shishadoshi bilan gaplashib qolishganini, ichkilikning pulini to‘layotgan Shokirning puli ko‘pligini ko‘rib qolganini, pulni qo‘lga kiritish maqsadida avtobus bekatining orqa tomoniga o‘tib, payt poylaganini tan oldi.

Voqea tezda sodir bo‘ldi. Nodir pulni qo‘lga kiritishni o‘ylab, boyagina o‘ziga shishadoshlik qilgan Shokirning yuziga, qorin qismiga bir necha marotaba mushti bilan urib, unga yengil darajadagi tan jarohati yetkazdi. Musht zarbidan hali o‘ziga kelmagan Shokirning cho‘ntagiga qo‘l solib, 1 million 500 ming so‘m pulni, bir dona 500 ming so‘mlik “Samsung dous” rusumli telefon apparatini va bank plastik kartasini egallab, voqea joyidan yashirindi... Sudlanuvchi qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirib, suddan yengillik berishini so‘radi. Sud majlisida jabrlanuvchining, guvohlarning ko‘rsatmalari ham tinglandi. Jabrlanuvchi Shokir spirtli ichimlikning pulini to‘lash uchun do‘kon sotuvchisiga pul berganini, pulni to‘lab, do‘kondan chiqqanida bo‘lgan voqeani esga oldi. Nodir hech bir sababsiz unga bir necha marotaba musht tushirgach, yiqilganligini, mast holatdagi Nodir esa uning qorin qismiga tepganligini, cho‘ntagiga qo‘l solib, pulini, qo‘l telefonini, plastik kartasini olib, qochib ketganligini aytdi. Shundan keyin u IIB xodimlariga ariza bilan murojaat qilganligi, dastlabki tergovda telefon apparati bilan plastik kartasi qaytarilganligi, lekin pulini qaytarib ololmaganligini aytib, ko‘rsatma berdi. Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Shokir yengil darajadagi tan jarohati olganligi aniqlandi. Sud sudlanuvchining jinoiy harakatlariga baho berib dastlabki tergov organi tomonidan uning talonchilik, ya’ni o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish, sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib sodir etilishida ifodalangan jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 166-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan to‘g‘ri kvalifikasiya qilingan deb hisobladi.

Sud hukmiga ko‘ra, N. Azizovga uzil-kesil 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bir necha marotaba sudlanib ham, qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan Nodir endi jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Mirziyod ABIDOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi sudyasi

Kiritildi: 13:57 02.11.2022. O'qildi: 1667 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!