Toshkentda aholi, xususan, yoshlarni kitobxonlikka jalb etish maqsadida poytaxtning 585 ta mahallasida bosqichma-bosqich kitobxonlik burchaklari tashkil etiladi. Shuningdek, 12 ta tumanda zamonaviy kutubxonalar barpo etiladi.
Bu haqda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Mazkur vazifalar Prezidentning 2026 yil 27 iyuldagi «2026–2027 yillarda Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-279-son qarorida belgilangan.
Qarorda kitob va kitobxonlik shahar muhitining tarkibiy qismi sifatida qaralgan. Shu bois har bir mahallada aholi uchun kitobxonlik burchaklarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, poytaxtning 12 ta tumanida yirik, interaktiv va zamonaviy kutubxonalar quriladi. Ularning joylari allaqachon belgilangan.
«Maqsadimiz — shunchaki kitob saqlanadigan bino qurish emas, yiliga millionlab odam tashrif buyuradigan va o‘zining ilmiy-ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantira oladigan jamoat makonini yaratish», — dedi Shavkat Umurzoqov.
Yangi qurilayotgan yirik savdo markazlarida maydoniga mos kitob do‘konlarini ochish majburiy talab sifatida belgilanadi. Gavjum va turistik ko‘chalarda esa imtiyozli shartlarda kitob do‘konlari hamda kitob kafelari tashkil etiladi.
Toshkentdagi «Moviy gumbazlar» hududi ham mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantiriladi. Majmuaning tarixiy qiyofasini tiklash loyihasi kitobxonlar va jamoatchilik muhokamasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, shahar miqyosida «Eng yaxshi kitobxon» tanlovini joriy etish rejalashtirilmoqda.
«Maqsad bitta — inson qayerda bo‘lmasin, mahallada, tumanda, ko‘chada yoki savdo markazida — kitob unga yaqin bo‘lsin», — dedi shahar hokimi.