O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Toshkent shahar hududiy birlashmasiga 13 may kuni fuqaro Akramov Davron murojaat qildi.
Federasiyaning “Xalq so‘zi“ga ma’lum qilishicha, arizaga yangi sotib olingan uy sabab bo‘lgan.
Akramov 2016 yil 8 iyunida xususiy tadbirkor Zokirov Ravshandan Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan uyni 1 mlrd 32 mln (1 032 000 000) so‘mga sotib oladi.
Ammo oradan ko‘p o‘tmay, sifatsiz uyning kamchiliklari yuzaga chiqa boshlaydi. Shu bilan birga isitish tizimida ham muammolar paydo bo‘ladi.
Davron Akramov uyni qurib, unga sotgan R. Zokirov bilan bog‘lanishga harakat qiladi ammo qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoladi.
Shundan so‘ng, ancha sarson bo‘lgan Akramov O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Federasiyasiga murojaat qiladi.
Federasiya mutaxassislari vaziyatni o‘rganib chiqishadi va iste’molchi haq ekanligi, uyda ma’lum muammolar mavjudligi isbotini topadi.
Natijada, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasi aralashuvi bilan iste’molchiga uy uchun to‘lagan puli 1 032 000 000 so‘m to‘liq qaytarib olib berildi.