Islom sivilizasiyasi markazi ilm-fan va ma’rifat markazi sifatida dunyo olimlarining diqqat markazida bo‘lib turibdi. Bu maskan O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi doirasida Toshkentda o‘tkazilayotgan «Sharq Renessansi fenomeni: davlatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar» mavzusidagi tadbirda yana bir bor e’tirof etildi.
Anjumanga O‘zbekiston va dunyoning yetakchi tarixchi, qadimshunos olimlari, ekspertlar, muzeyshunoslar, restavratorlar, din sohasi vakillari, xattotlar, musavvirlar va dizaynerlar, zamonaviy raqamli texnologiyalarning bilimdonlari, sharqshunos olimlar, adib va ijodkorlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov mamlakatimizda kechayotgan shiddatli yangilanish jarayonlari ma’rifiy sohalardagi tub ijobiy o‘zgarishlar bilan hamohang ekanini ta’kidladi.
Mutasaddi Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizasiyasi markazi, shubhasiz, milliy tarix va kelajak istiqbolini o‘zida mujassam etgani bilan katta ahamiyatga ega ekanini aytib o‘tdi.