Sud tizimida doimiy ravishda yo‘lga qo‘yilgan “Ustoz-shogirdlik” an’anasini davom ettirish maqsadida joylardagi sudlarda “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 16 sentyabrdagi tegishli bayoniga asosan, joriy yilning 4-10 oktyabr kunlari “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida “Keksalar haftaligi” ham o‘tkazilyapti. Shunday uchrashuvlardan biri Toshkent shahar sudida ham bo‘lib o‘tdi...
Sud tizimida ishlagan faxriylar, faoliyat yuritayotgan sudyalar va zahiradagi bo‘lajak sudyalardan iborat uch avlod yig‘ilgan mazkur tadbirda Sudyalar assosiasiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, Oliy sud raisi o‘rinbosari Baxtiyor Isakov, Toshkent shahar sudi raisi Erkin Xodjakulov, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvga Karimjon Saidov, Uzoq Bozorov, Tohir Mirzayev, Gulchehra Maxsumova, Muxtabar Xoshimova, Yoqutxon Qodirova, Yusufjon Ibragimov, Komiljon Yusupov, Zokir Ismatullayev, Salima Eshonqulova singari qator faxriylar tashrif buyurishdi.
Sudyalar assosiasiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev so‘zga chiqib, sudyalarga yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar borasida to‘xtalib, sud faxriylariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, xususan 45 nafar sud faxriylariga moddiy yordam ko‘rsatilgani uchun o‘z minnatdorligini bildirdi. “Odil sudlovni chinakamiga ta’minlash, qonun ustuvorligi va adolatni barqaror bo‘lishini istayman. Bu masalada barcha sudyalardan fidoiylik va qat’iyatlilikni bo‘shashtirmaslikni so‘rayman. Adolatsizlik, nohaqlik, e’tiborsizlik va tavakkalchilik sud ishida oz bo‘lsada bo‘lishi mumkin emas”, deya yosh sudyalarga faxriylardan ibrat olish kerakligiga to‘xtalib, o‘z maslahat va o‘gitlarini ham berib o‘tdi.
So‘zga chiqqan mehnat faxriylari esa uzoq yillik faoliyati davomida orttirgan tajribalarini sudyalar va bo‘lajak sudyalar bilan o‘rtoqlashishdi.
Tadbir davomida Sudyalar assosiasiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev qalamiga mansub, o‘z ichiga 8 ta mavzuni qamrab olgan “Adolat insonparvarlikning oliy nuqtasi” nomli risolasi sudyalarga esdalik sifatida topshirildi.
Uchrashuv so‘ngida Toshkent shahar sudi raisi Erkin Xodjakulov sud faxriylariga uzoq umr, mustahkam sog‘liq tilab, o‘z tajribalari bilan bo‘lishishgani uchun minnatdorlik bildirdi va ayol faxriylarga guldastalar topshrildi.
Ta’kidlash joiz sudyalar tomonidan muntazam ravishda uzoq yillar davomida sud tizimida xizmat qilib, bugungi kunda nuroniy yoshga to‘lgan faxriylarni jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida ularning xolidan xabar olib kelinadi.