Yaqin kunlarda poytaxtimizdagi tirbandlik va ekologiya muammolarini hal etish maqsadida “aqlli” svetoforlar o‘rnatish, yo‘llarga xalqaro standartlarga mos chiziqlar tortish hamda zamonaviy avtoturargohlarni tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanadi.
Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘z sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Prezidentimizning transport tizimini modernizasiya qilishga oid qarori ijrosini ta’minlash maqsadida maxsus tashkil etilgan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan tegishli taqdimot o‘tkazildi. Ushbu markaz nafaqat yo‘l harakati, balki jamoat transporti nazorati va ekologik holatni yaxshilash bilan ham shug‘ullanadi.
"Umid qilamanki, shahar hokimi boshchiligidagi jamoa qarorning ijrosini to‘laqonli ta’minlashga bor kuch va imkoniyatini qaratadi. Men buning bajarilishini shaxsan nazorat qilib boraman", — deb ta’kidladi S. Mirziyoyeva.
Poytaxt infratuzilmasi uchun o‘ta muhim bo‘lgan ushbu loyiha Toshkentdagi yo‘l harakati madaniyatini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.