Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

"Toshkent – besh tashabbus" harakati yoshlar uchun eng yorqin va taassurotlarga boy voqea bo‘lishi kutilmoqda (VIDEO)

"Toshkent – besh tashabbus" harakati yoshlar uchun eng yorqin va taassurotlarga boy voqea bo‘lishi kutilmoqda (VIDEO)

Keng qamrovli Toshkent besh tashabbus harakatiga ro‘yxatga olish boshlandi. Tashkilotchi – Toshkent shahar hokimligi.

Bo‘lib o‘tadigan harakat Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusda aks etgan barcha yo‘nalishlar: madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlik va tadbirkorlik kabi sohalarni qamrab oladi.

Yirik harakatni o‘tkazish uchun 37,5 ming metr kvadrat maydonda maxsus shaharcha barpo etilmoqda. Barcha tanlovlar, musobaqa va uchrashuvlar ochiq osmon ostida o‘tkaziladi.

Sport ixlosmandlarini futbol, basketbol, stol tennisi, armrestling va Street Workout bo‘yicha musobaqalar kutib turibdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida zamonaviy beshkurash yo‘nalishida “Laser Run” musobaqasi tashkil qilinadi, shuningdek, skeyter va rollerlar uchun skeyt-park quriladi.

Madaniyat yo‘nalishi bo‘yicha faol yosh yigit-qizlar taniqli jurnalist, bloger va musiqachi Nikita Makarenko boshchiligida bo‘lib o‘tadigan “Tashkent Voice Fest” vokalchilar tanlovi hamda professional xoreograf Sergey Zlotnikov jalb qilingan “Tashkent Dance Fest”da o‘z qobiliyatlarini namoyish qilishlari mumkin.

Shuningdek, Toshkent besh tashabbus harakati doirasida mashhur intellektual o‘yin – “Zakovat” turniri bo‘lib o‘tadi. Turnir tashkilotchilari orasida taniqli bloger, Zakovat klubi bilimdoni Xushnudbek Xudoyberdiyev ham bor.

Yosh IT-mutaxassislar Project «X» va Tashkent Cyber Cup-2021 ideatonida o‘z bilim va mahoratlarini namoyon qilishadi.

16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan faol, zamonaviy, o‘z maqsadiga ega qizlar va ayollar uchun maxsus Ayollar netvorkingi haftaligi bo‘lib o‘tadi. Unda jamoalar Toshkentni rivojlantirish bo‘yicha: ilm-fan va texnologiyalar, biznes, ijtimoiy soha, ekologiya va dizayn yo‘nalishlarida mualliflik loyihalarini taqdim etadilar.

G‘oliblarni maxsus taklif etilgan professional hakamlar aniqlab berishadi va ular pul mukofotlari va sertifikatlarga ega bo‘lishadi.

Harakatga nafaqat ishtirokchi, balki mehmon sifatida ham tashrif buyurish mumkin. Festival davomida yozuvchilar, biznes, dizayn, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda muvaffaqiyat qozongan insonlar bilan turli uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Yangi qurilgan shaharcha hududida ishtirokchi va mehmonlar “Hand Made” festivallari, media-treninglar hamda taniqli jurnalist, bloger va vaynerlar bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda qatnashishlari mumkin. Harakatning har bir kuni esa jo‘shqin musiqa bazmi bilan yakunlanadi. Mashhur dijeylar Trace va Roger Gunn kechki shoularning rezidentlari bo‘lishadi.

Ro‘yxatdan o‘tish harakatning rasmiy saytida amalga oshiriladi: www.toshkent21.uz.

Kiritildi: 18:32 26.03.2021. O'qildi: 3615 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!