O‘g‘lim endigina bir yoshni qarshiladi. Asta-sekin yurishga harakat qilyapti. Ammo uning oyoqlarini maymoqlanib, qiyshiq bosayotganidan tashvishga tushyapman. Bu xastalikning kelib chiqish sabablari nima? Shifokorlar «ulg‘ayishi bilan yaxshilanib ketadi», deyishdi. Chindan ham hech qanday davo choralarini ko‘rish shart emasmi?
— Maymoqlik — ikki xil bo‘ladi: tug‘ma va orttirilgan. Homilaning ikki-besh oyligida oyoq panjalari rivojlanadi, — deydi ortoped-travmatolog Rustam SHAROPOV. — Shu vaqt oralig‘ida onaning qandaydir xastalikni boshdan kechirishi yoki oilaviy kelishmovchiliklar, asab buzilishi holatlari homilaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Qolaversa, shifokor nazoratisiz turli dori vositalarini qabul qilish ham shunday holatga olib keladi. Rentgen yoki ish joyidagi sharoit taqozosi sabab nurlanishlar ham bolada tug‘ma oyoq qiyshiqligiga sabab bo‘ladi.
Orttirilgan maymoqlikka esa miya to‘qimalari va nerv tolalaridagi o‘zgarishlar, jarohat, suyak sinishlari olib keladi.
Bola tug‘ilganda, albatta, ortoped nazoratidan o‘tishi zarur. Oxirgi yillarda tug‘uruqxonalarda qo‘shimcha mutaxassislar faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmayapti. Shu masala bo‘yicha bir necha marta mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildik. Ammo hech qanday natija yo‘q. Agar tug‘ilganidanoq tashxis qo‘yib, davolash boshlansa, oyoqni yumshoq boylam va yengil uqalash bilan davolash imkoni ancha yuqori. Bolaning kindigi tushgach, ya’ni ikki haftadan keyin davolash choralarini boshlashning ayni vaqti. Bizda chilla davri deb qirq kungacha chaqaloqning oldiga hech kimni kiritishmaydi. Yosh ona bolaning oyog‘i qiyshiqligini qayerdan bilsin? O‘zi shunday bo‘lar ekan-da, deb e’tibor bermaydi. Qirq kundan keyin esa davolash nisbatan qiyin kechadi.
Shifokor bolani ko‘rib, zaruriy tekshiruvlardan o‘tkazgandan keyin aniq tashxis qo‘yadi. Kasallikning turli darajalari mavjud. Yengilroq ko‘rinishi bo‘lsa, turli uqalash, fiziodavo va shinalar buyuriladi. Sekin-asta bolaning oyog‘i to‘g‘rilanadi.
Qiyshiqlik ko‘proq bo‘lganda, ya’ni og‘ir darajalarida uqalash va shinalarning o‘zi kifoya emas. Bunday vaqtda bosqichma-bosqich gips qilish buyuriladi. Bu davolashning eng oson va arzon usuli. Bemor to‘liq shifo topguncha to‘rt-besh marta gips qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Og‘ir ko‘rinishlarini ikki-uch oy davomida to‘g‘rilash mumkin. Shunda ham asoratlar qolish ehtimoli mavjud. To‘g‘rilangan oyoq paylari tortilib qoladi. Bunday vaqtda jarrohlik usuli bilan ular uzaytiriladi. Shundan keyin shina taqiladi va maxsus oyoq kiyimlar tavsiya etiladi. Kechqurun suyak to‘qimalari biroz bo‘shashgan holatda bo‘lgani uchun bolaga uxlaganda alohida to‘g‘rilovchi oyoq kiyimni ikki yarim yilgacha kiydirish zarur.
Bir yoshdan so‘ng bu usullarning foydasi kam. Keyin faqatgina jarrohlik yo‘li bilan davo qo‘llash mumkin, xolos. Hatto og‘ir darajalaridan shikoyat qilib kelgan to‘rt-besh yoshli bolalar suyaklarining oralariga maxsus moslamalar qo‘yiladi.
Bu xastalikka vaqtida e’tibor qaratmaslik keyinchalik bolaning tashqi ko‘rinishida yaqqol namoyon bo‘ladi. Uzoqdan ham uning oyog‘i qiyshiqligini bilish mumkin. Qolaversa, bemalol yura olmaydi, tez charchaydi. Uning ruhiyatida ham salbiy o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Bola boshqalarga ko‘rinishdan uyaladi, odamovi bo‘lib qoladi. O‘rtoqlari bilan bemalol o‘ynay olmaydi. Ota-ona ham farzandining bu holatidan siqiladi.
Maymoqlikning yana bir turida bola kichikligida oyog‘ini qiyshiq tashlab, keyinchalik tabiiy ravishda to‘g‘rilanib ketadi. Ekologik muhitning buzilishi, hamda texnikaning rivojlanishi sabab hozir aksariyat bolalarda bu holat kuzatilmoqda. Bola tug‘ilgan vaqtda son suyak boshchasi to‘liq rivojlanmaydi. Shu bois bola son suyagining to‘g‘ri harakatlanishi uchun qadamini ichkariga qarab bosadi. Bu unga ancha qulaylik tug‘diradi. To‘g‘ri yursa, tez charchab qoladi. Ayrim chet davlatlarda bunday holatlar bemorlik hisoblanmaydi. Ma’lum vaqt o‘tib son suyak boshchasi o‘sib, asta-sekin joyiga tushadi. Oyog‘i ham to‘g‘rilanib ketadi. Nisbatan yengil turlarida shunday, og‘ir darajalarini, albatta, davolash zarur.
Shu bilan birga, ovqatlanishga alohida e’tibor berib, vitaminlarga boy taomlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Suyak rivojlanishi uchun kerakli bo‘lgan kalsiyga boy sut, tvorog kabi mahsulotlar tavsiya etiladi. Shuningdek, uni toza havo va quyoshda chiniqtirish ham yaxshi samara beradi.
Avvallari yosh bolalar keng shim, shalvarlar kiyishardi. Tor tikilgan shimda bola qiynalib yuradi. Hatto oyog‘ini tashlay olmaydi. Hozir hamma zamonaviylik ortidan quvib bolalarni ham qiynab qo‘yishyapti. Shu tarzda bolaning oyog‘i qiyshayishiga o‘zimiz sababchi bo‘lib qolamiz. Kiyimlarining toza paxtadan, yurishga qulay bo‘lishiga alohida e’tibor berish juda muhim.
Bolaning oyoq kiyimi esa toza teridan tikilgan, yengil va tag qismi yumshoq bo‘lish kerak. Shunda bolaning oyog‘i erkin bukilib, yoziladi. Uning oldi uchli emas, dumaloq bo‘lishiga alohida e’tibor bering. Har bir bolaning oyoq kiyimi o‘ziga mos bo‘lsin. Ba’zan ota-onalar bir-ikki o‘lcham katta oyoq kiyim olishadi. Bu juda zararli. Uning ichida o‘ynab turgan oyoq qiyshayishga moyil bo‘ladi. Bitta paypoq bilan loyiq turishi kerak. Poyabzalning tovon qismi tekis emas, albatta, bir santimetr baland bo‘lishi kerak. Bolada tayanch-harakat tizimining to‘g‘ri rivojlanishida bu kabi jihatlarni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.
"Oila davrasida"