Toqayev Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan yig‘ilishda yangi mudofaa vaziri Aydos Mirzaxmetovni tanishtirdi va 10 kun ichida harbiy islohot rejasini tayyorlash vazifasini qo‘ydi.
Prezident harbiy xizmatchilar xavfsizligini oshirish, armiyaning jangovar shayligini kuchaytirish va harbiy tayyorgarlik sifatini yaxshilashni talab qildi. Shuningdek, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, qurol-yarog‘ va harbiy infratuzilmani modernizasiya qilish vazifalari belgilandi.
Toqayev armiyani raqamli texnologiyalarga o‘tkazish hamda harbiy boshqaruv tizimini isloh qilish zarurligini ta’kidladi. U mashg‘ulotlardagi fojia uchun mas’ul mansabdorlarning javobgarligini aniqlashni ham topshirdi.
Mudofaa vazirligida o‘tkaziladigan kompleks tekshiruv harbiy xizmatni tashkil etish, ta’minot, moddiy-texnik va moliyaviy ta’minot masalalarini qamrab oladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mashg‘ulotlar vaqtida Kaspiy dengiziga 17 nafar qozog‘istonlik harbiy xizmatchi oqib ketgan. Ularning uch nafari qutqarilgan, 14 nafari halok bo‘lgan.
Fojia munosabati bilan mamlakatda rasmiy motam e’lon qilingan. Hodisadan so‘ng Mudofaa vazirligi faoliyati bo‘yicha audit tekshiruvi ham boshlangan.