O‘zbekiston va Yaponiya kino ijodkorlari hamkorligida suratga olingan, boks bo‘yicha Olimpiada chempioni Bahodir Jalolovning hayoti va sportdagi ulkan yutuqlariga bag‘ishlangan “Tokioga yo‘l” nomli badiiy film premyerasi bo‘lib o‘tadi.
“Tokioga yo‘l” badiiy filmi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash, milliy kontentlarni qo‘llab-quvvatlash hamda keng targ‘ib etish maqsadida yaratilgan.
Mazkur film orqali Yangi O‘zbekistonda sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligi, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda yuqori natijalarga erishish yo‘lida yaratilgan shart-sharoitlarning amaliy ifodasi keng yoritilgan. Shu bilan birga, film nafaqat sport mavzusini qamrab oladi, balki inson irodasi, matonati, fidoyiligi va orzuga sadoqat kabi umuminsoniy qadriyatlarni chuqur badiiy talqin etadi.
Tashkilotchilar: Kinematografiya agentligi, Prezident Administrasiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Orient Finance Bank, Yandex Go, Kinopoisk, P&G, Intercontinental Hotel, Heisie Project, Ceremony, “Conglomerate Studio” MCHJ
O‘tkazilish vaqti va joyi: 3 aprel kuni soat 18:00 da O‘zbekiston milliy kino san’ati saroyida.
Film premyerasiga barcha ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar taklif etiladi. Tadbir doirasida film ijodkorlari va unda ishtirok etgan aktyorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Premyera mehmonlari filmni ilk namoyishida tomosha qilish, shuningdek, loyiha yaratilish jarayoni haqida batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.