Raqobat qo‘mitasi Namangan, Samarqand va Navoiydagi uchta tibbiyot muassasasida pulli xizmatlar narxini shakllantirishda qonunchilik talablari buzilganini aniqlagan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Namangan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 2026 yilning fevral–aprel oylarida navbatdagi qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagan UZI apparati orqali xizmat ko‘rsatilgan. Natijada 416 nafar iste’molchidan 34,3 mln so‘m asossiz mablag‘ olingan.
Samarqanddagi Kattaqo‘rg‘on tuman sog‘liqni saqlash bo‘limida 2024–2025 yillarda pulli tibbiy xizmatlar narxi belgilangan tartiblarga rioya etilmagan holda oshirilgan. Buning oqibatida bemorlardan 55,7 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ undirilgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy filiali tomonidan esa 2023–2025 yillarda narxlar belgilangan talablarga zid ravishda oshirilgani sababli bemorlardan 35 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olingan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan uchala tibbiyot muassasasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Ularga tariflarni qayta shakllantirish, narxlarni maqbullashtirish hamda iste’molchilarga jami 125 mln so‘mga yaqin mablag‘ni qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan.