Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxona karantin uchun yopilgan. Kecha tushlikdan boshlab tuman markazida joylashgan shifoxonaga kirish-chiqish to‘xtatilgan. Vaziyatni Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari qattiq nazorat qilishmoqda.
Aytishlaricha, shifoxona qabulxonasiga kelgan bir bemorda kasallik aniqlangan.
Buni ayni paytda mazkur shifoxona ichida karantinga olingan shifokor ham tasdiqladi.
Aytishlaricha, kasallik aniqlangan bemor To‘raqo‘rg‘on shahridagi Sharq mahallasida istiqomat qiladigan ayol kishi bo‘lgan. Ayni paytda bemorni va u bilan muloqotda bo‘lganlarni viloyat markazidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib ketilgan. Karantinga olinganlardan ham koronavirus uchun tahlillar olingan.
"To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligining Axborot xizmati rasmiy kanalida kecha, 28 may kuni tushlikdan so‘ng 8 ta xabar joylangan, ammo ular orasida Tuman tibbiyot birlashmasi karantinga olingani haqida ma’lumot yo‘q", deydi Azon.uz sayti.