Bugun 31 may, 2025 yil, shanba

КИР

Texnologik metallar: O‘zbekistonning xalqaro bozordagi o‘rni mustahkamlanmoqda

Texnologik metallar: O‘zbekistonning xalqaro bozordagi o‘rni mustahkamlanmoqda

Kanadaning Toronto shahrida dunyo miqyosidagi eng nufuzli tadbirlardan biri — Xalqaro tog‘-kon sanoati konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyoning 135 dan ortiq mamlakatlaridan 27 mingdan ortiq mineral resurslar sohasidagi yetakchi mutaxassislar, investorlar va yirik kompaniyalar ishtirok etib, ishtirokchilar qatoridan O‘zbekiston texnologik metallar kombinati ham o‘rin olgan.

Anjumanning alohida e’tiborga molik jihati unda “O‘zbekiston kuni”ning o‘tkazilishi bo‘ldi. Bu tashabbus mamlakatimizning sanoat salohiyatini, ayniqsa, texnologik metallar va nodir yer elementlari sohasidagi imkoniyatlarini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishga qaratilgan. Unda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati boshqaruv raisi so‘zga chiqib, yurtimizning boy mineral resurslari va ularning strategik ahamiyati haqida xalqaro hamjamiyatga ma’lumot berdi.

Hozirgi vaqtda jahonda kritik metallarga bo‘lgan talab keskin ortib borayotgan bir davrda, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston texnologik metallar kombinati sanoat uchun muhim ahamiyatga ega 20 ta kritik mineral bo‘yicha 50 dan ortiq yirik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.

Farhod Abdullayev, O‘zTMK boshqaruv raisi: Ushbu anjuman jahonning eng yirik sanoat va investisiyaviy tadbirlaridan biri hisoblanadi. Biz bu yerda o‘z mahsulotlarimiz, investisiyaviy imkoniyatlarimiz va strategik loyihalarimizni xalqaro hamjamiyatga taqdim etmoqdamiz. Anjuman doirasida o‘tkazilgan “O‘zbekiston kuni” ham mamlakatimizning sanoat salohiyatini va xomashyo bazasini xalqaro miqyosda kengroq namoyish etishga qaratilgan. Ushbu kun doirasida o‘tkazilgan taqdimotlarimizda O‘zbekistonning texnologik metallar sohasidagi ulkan imkoniyatlari, xomashyo resurslari va investisiyaviy muhiti haqida to‘liq ma’lumot berildi. Shuningdek, xalqaro kompaniyalar va investorlar bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Albatta, texnologik metallar sohasini rivojlantirish bo‘yicha berilgan aniq taklif va loyihalar nafaqat sohaning yetakchi mutaxassislarida, balki xalqaro investorlar orasida ham katta qiziqish uyg‘otdi.

Anjuman davomida qator yirik xorijiy kompaniyalar vakillari bilan sanoatdagi yangi texnologiyalar, mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash, investisiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashilmoqda. Ko‘plab kompaniyalar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirib, hozirda muzokaralar jarayonida qator istiqbolli kelishuvlarga erishilmoqda.

Kiritildi: 16:57 05.03.2025. O'qildi: 898 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!