Amerikaning Texas shtatiga qarashli El-Faso shahrida yashovchi Chak Soudi ismli yigit azaldan do‘stlari bilan birga kechalari qabriston, tashlandiq uylar, binolar ichkarisida yurishni xush ko‘rardi. O‘zining tan olib aytishicha, bunday tungi sayrlar asabni mustahkamlaydi, organizmga qo‘shimcha adrenalin hadya etadi. Nima bo‘lganda ham bu yigit odamlar xayolan ko‘z oldiga keltirsa qo‘rqadigan mashulotlar ishqibozi edi.
Yaqinda u do‘stlarini yoniga olib «Konkordiya» bolalar qabristoniga kechasi tashrif buyurdi. Bu qabristonda 15 mingdan ziyod bolalar abadiy uyquga ketgan. Ularning barchasi 1800 yili qora o‘lat deb nomlangan xastalik tufayli olamdan o‘tgan. Do‘stlar hazil-huzul bilan qabristonni ancha paytgacha aylanishdi. Shu orada Soudi qabrtoshlardan birini suratga tushirib qo‘ydi. Ertasi kuni suratni ochgach, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, xuddi sharpani eslatuvchi bolakay arvohi unga qarab turardi. Soudi birinchi marta rostakamiga qo‘rqib ketdi. Suratni esa internetga joyladi.
— Men boshdan o‘tkazgan voqea, — dedi Soudi. — Dushmanimning ham boshiga tushishini xohlamayman. Arvoh bilan yuzma-yuz bo‘lish qanchalar qo‘rqinchli ekanini men chuqur his etdim va bundan buyon kechalari qabriston, tashlandiq binolar ichkarisiga kirmaslikka ont ichdim. Agar men kabi qabriston sayrini xush ko‘ruvchilar bo‘lsa, ogoh bo‘ling, bu mashg‘ulot yaxshilik bilan tugamaydi. Bu kabi yaramas odatlarni tashlang!
Manba: hordiq.uz