Texas shtati Ta’lim kengashi 26 iyun kuni davlat maktablari uchun yangi o‘quv dasturini tasdiqladi. 5 milliondan ortiq o‘quvchini qamrab oluvchi dasturga klassik asarlardan tashqari, Injil matnlari, xususan, Yangi Ahd va Ayub kitobidan parchalar kiritildi. Yangi dastur 2030 yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etilishi kerak.
Respublikachilar nazoratidagi Ta’lim kengashi vakili Brendon Xollning ta’kidlashicha, AQSh doimo "xristian millati" bo‘lib kelgan. Biroq tanqidchilar cherkov va davlatni bir-biridan ajratishni talab qilib, ushbu o‘zgarishlar maktablar va o‘qituvchilarning dars davomida kitob tanlash huquqini cheklashini bildirishmoqda.
The New York Times nashrining yozishicha, Texas maktablarida Qo‘shma Shtatlardagi jami o‘quvchilarning qariyb 11 foizi tahsil oladi. Nashr majburiy adabiyotlar ro‘yxatining maktab yoki o‘qituvchi emas, balki shtat darajasida tasdiqlanishi juda kam uchraydigan holat ekanini qayd etgan.
O‘tgan yili respublikachilar ustunlik qiladigan Texas parlamenti har bir maktab sinfxonasida o‘n amr yozilgan plakat yoki ramkalangan matn bo‘lishi kerakligi haqida qaror qabul qilgan edi.