Bugun 26 iyul, 2026 yil, yakshanba

КИР

Tekin energiya ilinjidagi jinoyatga jazo muqarrar

Tekin energiya ilinjidagi jinoyatga  jazo muqarrar

Globallashuv va iqtisodiy rivojlanish davrida energiya resurslari, ayniqsa elektr energiyasi har qanday ishlab chiqarish va tadbirkorlik faoliyatining asosiy poydevori hisoblanadi. Davlatimiz tomonidan xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng imkoniyatlar, imtiyozlar va erkinliklar yaratilmoqda. Bundan ko‘zlangan bosh maqsad — halol mehnat orqali yurt farovonligiga hissa qo‘shish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdir.

Biroq, berilgan erkinlikni o‘zboshimchalik deb tushunuvchi, qonun ustuvorligini mensimay, davlat va jamiyat mulkiga ko‘z olaytiruvchi kimsalarning uchrab turishi achinarli holdir. Ayrim shaxslar ishlab chiqarish tarmoqlarini yo‘lga qo‘yishda belgilangan huquqiy me’yorlarni aylanib o‘tishga, resurs tizimlariga noqonuniy ulanish orqali tekin boylik orttirishga intiladilar. Bunday qilmishlar nafaqat iqtisodiy tizimga putur yetkazadi, balki energiya ta’minotining texnik barqarorligini xavf ostiga qo‘yib, boshqa halol iste’molchilarning ham huquqlari buzilishiga sabab bo‘ladi.

Eng achinarlisi, muqaddam xuddi shunday jinoyat uchun qonun oldida javob berib, davlatning insonparvarlik tamoyillari tufayli yengilroq jazo choralari bilan qutqarilgan shaxslarning o‘z qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarmasligidir.

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudi binosida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi jinoyat ishi aynan mana shunday huquqbuzarlikning ayanchli oqibatini ko‘rsatib berdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, muqaddam o‘g‘rilik jinoyati sodir etgani uchun ozodlikni cheklash jazosini o‘tab kelayotgan, biroq bundan tegishli xulosa chiqarmagan YATT rahbari T. Turdiyev (ism shariflar shartli) takroran jinoiy yo‘lni tanlaydi. U Sardoba tumanida joylashgan o‘ziga tegishli paxta titish sexi faoliyatini yuritishda amaldagi «Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari» talablarini qo‘pol ravishda buzadi. T. Turdiyev hududiy elektr ta’minoti korxonasi bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan va maxsus hisoblagich o‘rnatmasdan, umumiy foydalanishdagi havo tarmog‘iga sexdagi katta quvvatli elektr dvigatellarini o‘zboshimchalik bilan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab oladi.

Natijada, u tijorat maqsadlarini ko‘zlab, uzoq vaqt davomida elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalanib keladi va «Hududiy Elektr Tarmoqlari» AJ manfaatlariga 346 million 493 ming so‘mdan ortiq juda ko‘p miqdordagi ulkan moddiy zarar yetkazadi. Ushbu noqonuniy yashirin faoliyat soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tezkor o‘rganish davomida fosh etilib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Sud muhokamasi davomida voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomalari, fotosuratlar va ekspert xulosalari bilan sudlanuvchining aybi to‘liq isbotlandi. Himoya tomonining texnik uzilishlar bo‘yicha keltirgan vajlari ham adolatli o‘rganilib, sud hukmi o‘qildi.

Unga ko‘ra, T. Turdiyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topilib, qonun talabiga ko‘ra ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, yetkazilgan barcha moddiy zararni undirish belgilandi.

Ushbu holat davlat mulkini talon-taroj qilish, qonunlarni mensimaslik va bu usulda jinoyatga qo‘l urishning yakuni doimo panjara orti bilan tugashini anglatuvchi jiddiy saboqdir.

Jamshid Mamurov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudi raisi

Kiritildi: 11:09 18.06.2026. O'qildi: 1021 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!