Bugun 19 mart, 2024 yil, seshanba

КИР

Tarixning ochilmagan sirlari: Chingizxonning qabri qayerda?

Tarixning ochilmagan sirlari: Chingizxonning qabri qayerda?

Rivoyatda aytilishicha, Chingizxon daryo ostida dafn etilgan. Odamlar topa olmasliklari uchun hatto, uning qabri daryo o‘zani o‘zgartirilib, daryo ostida qoldirilgan. Boshqa bir manbada ta’kidlanishicha, mo‘g‘ul xoni dafn etilganidan so‘ng uning qabrini minglab otlar bilan toptalgan va u dafn etilgan joydagi izlar yo‘q qilingan. Bu ishda ishtirok etgan barcha jangchi va qullar o‘ldirilgan. O‘z navbatida, dafn marosimida ishtirok etganlarni o‘ldirgan jangchilar ham uzoq ushlab turilmagan. Shu tariqa 10 ming jangchi va qullar o‘ldirilgan va Chingizxonning so‘nggi manzili qayerda ekanligi haqidagi ma’lumotlar yo‘qotilgan.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi aniq emas. Biroq Chingizxonning so‘nggi manzilini arxeologlar, tarixchilar, xazina izlovchilar va boshqa soha vakillari uzoq yillardan buyon izlamoqda.

Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator yaqinida Chingizxon ot ustida o‘tirgani aks ettirilgan o‘lkan haykal joylashgan. Shuningdek, Xitoyning Ejen-Xoro (Ichki Mo‘g‘uliston) viloyatida Chingizxon maqbarasi mavjud. Bular xon xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlik, xolos.

Chingizxon dafn etilgan joy to‘g‘risida sayyoh va tadqiqotchi Marko Polo shunday deydi: “Bilinglar, Chingizxon avlodidan bo‘lgan barcha hukmdorlarni ular qayerda vafot etganidan qat’iy nazar o‘lkan Oltoy tog‘iga dafn etishadi. Hatto yuz kun yo‘l yurilsa ham uni o‘sha yerga olib kelishadi va dafn etishadi”.

Manbalarda keltirilishicha, Chingizxon 1227 yilda navbatdagi harbiy yurishida Tangut qirolligi paytaxti Chjunsinni (Xitoyning hozirgi Inchuan shahri) qamal qilgan vaqtda vafot etadi. Hukmdorning o‘limi sababi aniqlanmagan. Faqat u o‘z saltanatini uchinchi o‘g‘li Ugedeyga vasiyat qilgani aniq.

Chingizxonning vafoti bilan bog‘liq bir nechta rivoyatlar va farazlar mavjud. Ya’ni, Chingizxon vafotidan so‘ng sodiq jangchilar o‘z hukmdori jasadini shimol tomon olib ketishgan. Ammo xonning qayerga dafn etilgani hozirgacha noma’lum qolmoqda. Yozib qoldirilgan bitiklarga ko‘ra, Chingizxonning qabrida ko‘plab qimmatbaho buyumlar bor va u yerda misli ko‘rilmagan xazina yashiringan bo‘lishi mumkin.

Fors yozuvchisi, tarixchi va davlat arbobi Rashid ad-Din keltirgan ma’lumotda Chingizxon shaxsan o‘zi ko‘rsatgan joyga dafn etilgan. Xon kunlarning birida Onon daryosi qirg‘og‘i bo‘yida ov qilgan. O‘sha maskandagi bir joy uning diqqatini jalb qilgan va u sokinlik va xotirjamlikni his etgan. Bir donagina daraxt qad ko‘targan ushbu joyda turib shunday degan: “Meni dafn qilishga shu maskan to‘g‘ri keladi. Bu joyni eslab qoling va belgilab qo‘ying”.

XIX asr mo‘g‘ulshunosi YA.Shmidning ta’kidlashicha, hukmdorni Mo‘g‘ulistongacha olib borishmagan. Chunki uning odamlari mumiyolashni bilishmagan, yo‘l esa olis bo‘lgan.

Rossiyalik tadqiqotchi va sayyoh M.K.Kozlov tomonidan 1923-1926 yillarda Xangay tog‘lari yonidagi Xon-Kokshun tepaligida qadimiy maqbara aniqlandi. Shuningdek, u yerda qadimiy shahar xarobalari topildi. Xarobadagi toshga yozilgan bitikda shahar 1275 yilda Chingizxon nevarasi Xubilay tomonidan barpo etilgani ta’kidlangan. Tadqiqotchilar o‘lkan toshlar orasidan Chingizxonning 30 avlodi dafn etilgan qabristonni aniqlashdi.

Bu yerdagi tadqiqotlar davom etayotgan bir vaqtda, mahalliy aholi tinmay arxeologik ishlar olib borilishiga qarshilik qilishdi. Mahalliy xalq arxeologlarni tinmay bashorat haqida ogohlantirishardi: “Agar uni mangu uyqusidan bezovta qilsangiz, vataningiz boshiga kulfatlar yog‘iladi”.

Ushbu qarshiliklar tufayli bu yerdagi tadqiqotlar to‘xtatildi. Shuningdek, mo‘g‘ul rasmiy hukumati ham keng qamrovli tadqiqotlarga to‘sqinlik qildi. Shuningdek, 1990 yillarda tashkil etilgan mo‘g‘ul-yapon ilmiy tadqiqoti ham to‘xtatildi.

Chingizxon qabrining qayerda joylashganligi to‘g‘risida bir nechta taxminlar bo‘lishiga qaramasdan, xoning so‘nggi qo‘nimgohi Mo‘g‘ulistonning shimolida - Rossiya bilan chegaradosh hududda joylashgan Brxan-Xaldun tog‘ida ekanligi haqidagi taxmin haqiqatga yaqinroq. Chunki Chingizxon bu yerni muqaddas deb bilgan. Bu joylar hozirgi kunda ham mo‘g‘ullar uchun tabarruk sanaladi.

Bugun amerikalik, yaponiyalik, fransiyalik va boshqa mamlakatlar tadqiqotchilari zamonaviy texnologiyalar yordamida mazkur hududni sinchiklab o‘rganishmoqda.

Pyer-Anri Jiskar boshchiligidagi fransiyalik tadqiqotchilar bu borada arzirli yutuqlarga ham erishdi. Ular ushbu tog‘li hududni uchar dronlar yordamida o‘rganib, hududning raqamli modelini tuzib, tahlil o‘tkazdi. O‘tkazilgan tahlildan so‘ng tosh va qoyalar tagida, dafn qilingan mo‘g‘ul zodagonlarining qabrlari mavjud bo‘lgan o‘lkan tepalikni topishdi.  Ularning xon qabri aynan shu yerda ekanligiga ishonchi komil. Ammo Mo‘g‘uliston hukumati maskanda keng ko‘lamli tadqiqot olib borilishiga ruxsat bermayapti.  

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi

Kiritildi: 07:40 20.10.2019. O'qildi: 11583 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!