Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Taqiq ― yagona yechimmi?

A A A
Taqiq ― yagona yechimmi?

“Men kamchiliklarimni emas, dunyoqarashimi to‘g‘irlayman. Shunda, kamchiliklarim o‘z-o‘zidan to‘g‘irlanadi” ― Luis Hay.

“TEDxIstanbul’dagi nutqida Doktor Musafa Sari, Van ko‘li atrofidagi ekosistemasini qutqarib qolish maqsadida amalga oshirgan loyihasidan bir necha ilohomlantiruvchi voqealarni aytib beradi.

Shu nutqi davomida mening diqqatimni tortgan voqealardan biri shu bo‘ldi:

“Loyihaning maqsadi Van ko‘li atrofining noyob tabiyat durdonalaridan biri bo‘lgan “inci kefalleri” baliqlarini asrab qolish, ularning ko‘payish mavsumida noqonuniy ovlanishiga chek qo‘yish hamda pala-partish ovlar oqibatida ekosistemaning buzilib ketishi havfidan ko‘l atrofidagi qishloq aholisining ongini va tabiatga mas’uliyatini oshirish edi.

Loyiha davomidagi izlanishlar, tushuntirishlar, agitasiya va propaganda natijasida ko‘l atrofidagi o‘n ikkita qishloqdan to‘qqiztasi o‘z xohishi bilan ko‘payish mavsumida baliq ovlashdan, ya’ni brokonerlikdan voz kechadi.

Ammo, qolgan uch qishloq aholisi esa, baliq ovlashdan umuman voz kechmaydi. Ularni ogohlantirsa ham, qo‘rqitsa ham, otang yaxshi, enang yaxshi desa ham, foydasi bo‘lmaydi. Baliq ovlashni davom etaveradi.

Muammo bormi, bor! Hal qilish kerakmi, kerak! Endi nima qilish kerak? Bosh qotgan.

Shunda, Doktor Musafa Sari va uning jamoasi bizning tajriba va dunyoqarashimizga ters bo‘lgan, ammo juda oddiy bo‘lgan bir ishni qiladi.

Nima deysizmi?

Muammmoning sababini o‘rganish uchun jamoalariga taniqli jamiyatshunos va xalq bilan ishlash bo‘yicha olimlarni jalb etadi. Ya’ni MUTTAXASSISLARNI!

Aynan nima sababdan to‘qqizta qishloq voz kechgan bu ishdan qolgan uch qishloq voz kecholmayotganining sababini aniqlash uchun ham sohani yaxshi biladigan muttaxassis kerak edi.

Mutaxassislar ushbu qishloqlarda turli ijtimoiy o‘rganishlarni o‘tkazadi, o‘sha qishloq odamlarining ikr-chikirigacha o‘rganib chiqib, oxiri muammoning yechimini topishadi.

Har qanday taqiq, jazo, jarima, qamoq va boshqa usullar bilan ham to‘xtatib bo‘lmaydigan muammoning yechimi juda oddiy bo‘lib chiqadi.

Buni topish uchun esa, albatta mutaxassisning yordami kerak edi. Aynan siz va biz, umuman bizning jamiyatimiz mensimaydigan, sosiolog olimlarning yordami.

Xullas, masala yechiladi. Qolgan qishloqlar ham mavsumda ov qilishdan voz kechadi. Natijada, baliqlar soni ko‘payib, Van ko‘lining baliqchilikdan olgan yillik daromadi 1 million dollardan 12 million dollargacha ko‘tariladi.

Naqd o‘n ikki barobar!!!

Aslida, shu yerda shunchaki mavsumda baliq ovlashning jazosini bir necha o‘n, balki yuz barobar kuchaytirib qo‘ysa bo‘lardi-ku, to‘g‘rimi? An’anaviy yechim. Bu jazo balkim odamlarni brokonerlikdan to‘sib turarmidi, balki byudjetga ham ko‘proq mablag‘ tushar?!

Ammo, muammo hal bo‘ladimi? Odamlar baliq ovlashdan, va mayli, botmon-botmon jarima to‘lashdan, voz kecharmidi? Yo‘q, albatta.

Jazoni aylanib o‘tish, jarimani aylanib o‘tish choralarini qidiradi. “Stavka”lar ko‘tariladi. Lekin baliqlar ko‘payib qolmasdi.

Jamiyatda har qanday masalani mana shunday mutaxassislar orqali, muammolarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va unga turtki bo‘layotgan narsalarga baham berish orqali hal qilishga urinilmas ekan, muammolar hech qachon bartaraf bo‘lmaydi. Istimani tushirish bilan odam tuzalib qolmaydi.

Tungi klubda pichoqlashdimi? Darrov tungi klublarga “zapret” qo‘yish kerak emas. Mashinalar chorrahada qizilda to‘xtamayapdimi, jazoni oshirish kerak emas. Balkim, muammo asfaltdadir? Va boshqa yuzlab, minglab muammolarning sababi nimada? Yechimichi?

Siz bilasizmi? Unda kim biladi?

“Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang” (Anbiyo surasi, 7-oyat).

Doktor Mustafa Sarining nutqi

Said Komil

Azon.uz

Kiritildi: 15:53 13.11.2019. O'qildi: 1524 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!