O‘z joniga qasd qilish – bu gunohga qo‘l urish, odatda, Allohning taqdiriga norozi bo‘ladigan, cheksiz ilohiy ne’matlarga noshukrlik qiladigan, dunyo imtihonlarini ko‘tara olmaydigan kimsalardan sodir bo‘ladi. Bunday ishlar esa Allohga kofir bo‘lishga o‘xshash juda dahshatli gunohlardir. Qur’oni karimda: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir”, deyiladi (Niso surasi, 29-oyat).
Oyatdagi “o‘zlaringizni o‘ldirmangiz!” jumlasi bir necha xil tafsir qilingan:
Imom Muslim, Imom Termiziy va boshqa muhaddis allomalar rivoyat qilishgan sahih hadislarda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘z joniga qasd qilib o‘lgan kimsa Qiyomatga qadar o‘zini o‘zi ana shu azob bilan azoblab yotishidan qattiq ogohlantirganlar.
Jobir ibn Samura (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga o‘zini mishqos (keng tig‘li, pichoqqa o‘xshash buyum)lar bilan o‘ldirgan odamni olib kelishdi. Bas, U zot unga janoza o‘qimadilar”.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o‘z joniga qasd qilgan bir kishining janozasi taqdim etilganda u zot unga janoza o‘qishdan bosh tortdilar (Imom Muslim rivoyati). Oxiratda esa alohida jazolar bo‘ladi.
Imom Buxoriy Sobit ibn az-Zahhok (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan hadisda, Rasululloh alayhissalom: “Kim o‘zini temir asbob bilan o‘ldirsa, jahannam otashida o‘sha bilan azoblanadi”, deganlar.
Imom Buxoriy Jundab (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Bir odamning jarohati bor edi. U o‘zini o‘ldirdi. Shunda Alloh azza va jalla: “Bandam mendan avval joni haqida o‘zi shoshqaloqlik qildi. Unga jannatni harom qildim”, degan”.
Aniqlanishicha, o‘z joniga qasd qilganlar orasida oliy ma’lumotlilar juda kam uchraydi. Xavfli guruhga esa asosan o‘rta yoki tugallanmagan ma’lumotli shaxslar kiradi.
Feruza Elchiyeva, ruhshunos:
Kimlar o‘z joniga qasd qilishni o‘ylay boshlaydi? Atrofdagilarga o‘zini keraksiz his eta boshlaganlar, shaxsiy hayot, muhabbat, ish yo o‘qishda omadsizlikka uchrab tushkunlikka tushganlar, judolikka yo‘liqqanlar, bir xil hayot tarzidan zerikkanlar, oilasidagi tushunmovchiliklardan bezganlar, “boshqa chorasi yo‘q”dek tuyilayotgan muaamo qarshisida qolganlar, ichki bahosi haddan tashqari past bo‘lgan va boshqa ruhiy zarbalarga duchor bo‘lgan shaxslar. Ajablanarlisi, bundaylarning aksariyati 14-25 yoshlar oralig‘idagi o‘smir, balog‘at yoshidagi yigit-qizlar tashkil etishadi. Xo‘sh yuqoridagi kabi holatlarga tushib qolgan va “o‘limdan o‘zga chora yo‘q” qabilida o‘ylay boshlagan yaqin insoningizga qanday ko‘mak berish mumkin?
“Men seni eshitaman”, “Men sen bilanman”, “Menda vaqt bemalol, hech qayerga shoshmayapman, sen bilan suhbatlashishni istayman” kabi so‘zlarni ayting. Uning hozirgi holatini tushunib turganingizni, biroq bu vaziyatdan chiqib ketishning boshqa yo‘llari ham borligini ayting va tushuntiring.
O‘smir yoshidagi yigit-qizlarda hissiyotga beriluvchanlik yuqori bo‘ladi. farzandingiz bilan iloji boricha do‘stona munosabatda bo‘ling, uni ayni damda nima qiynayotganidan, ruhiy holatidan boxabar bo‘ling, u sizga suyanishi mumkinligiga ishonch uyg‘oting, degan bo‘lardim. Farzandingizni boricha qabul qiling, haddan tashqari talablar qo‘ymang, tarbiyadagi o‘ta qattiqqo‘llik uni sizdan uzoqlashtiradi, xolos.
Hayotning qadrini, bahosini hech nima bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ayni damda bu dunyoda bor ekaningiz, musaffo havodan nafas olayotganingiz, to‘rt muchangiz but ekani, atrofingizda yaqin insonlaringizning borligi – BAXT. Qolgan hammasi, muammolar ham, ziddiyatlar, sinovlar, bari o‘tkinchi. Ularning hech qaysisi sizning bebaho hayotingizni qurbon qilishingizga arzimaydi.
manba: muslim.uz