Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari Yaponiyada ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlarni tadqiq qildi.
1870-yilda ta’lim sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga qadar Yaponiya aholisining aksariyati savodsiz bo‘lgan. Faqat samuraylargina ta’lim olish imkoniyatiga ega edi. Oddiy aholi faqat boshlang‘ich savodxonlik va hisoblashni o‘rgangan.
Meydzi islohotlari davrida, birinchi navbatda, ta’limning hamma uchun tengligi e’lon qilindi. Bu davrda Fransiya, AQSh va Prussiya namunasida milliy ta’lim tizimi yaratildi. Hamma joyda boshlang‘ich va o‘rta maktablar, shuningdek, universitetlar ochila boshlandi. Chet ellik o‘qituvchilar keng jalb qilindi, maktabda o‘qitiladigan fanlar sezilarli darajada ko‘paydi.
Ta’kidlash kerakki, shu bilan birga, hukumat milliy o‘ziga xoslikni saqlashga katta e’tibor qaratdi. Barcha ta’lim muassasalarida g‘arblashtirish davrida milliy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar to‘plamini o‘z ichiga olgan "Ta’lim to‘g‘risidagi imperatorlik reskripti" keng qo‘llanildi.
Hukumat iqtisodiyotning o‘sib borayotgan tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash zarurligini anglagan holda 1886-yilda Senmon-gakko kasb-hunar-texnika bilim yurtlari tizimini tashkil etdi. Ushbu maktablar oliy ma’lumotga ega bo‘lishga qiziqishi bo‘lmagan talabalarga amaliy ta’lim berishga qaratilgan edi. Hozirgi kunda ular universitetlar va kollejlardan farqli o‘laroq, moslashuvchan, kasbga yo‘naltirilgan oliy o‘quv yurtlari tizimi hisoblanadi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda ta’lim sohasida markazlashtirishdan voz kechish, boshqaruvni demokratlashtirish va yanada moslashuvchan ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha islohotlar olib borildi. Xususan, har bir prefektura va munisipalitetda ushbu sohani boshqarish uchun mas’ul bo‘lgan ta’lim kengashlari tashkil etildi. Uning a’zolari mahalliy aholi tomonidan saylangan.
Yaponiya tajribasi asosida O‘zbekiston uchun ta’limni boshqarish tizimini markazlashtirmaslik maqsadida hududiy asosda ta’lim kengashlarini tashkil etish lozim. Senmon-gakkoning muvaffaqiyatli tajribasiga asoslanib, O‘zbekiston Senmon-gakko elementlaridan foydalangan holda davlat va xususiy texnikum hamda kollejlar tizimi va tuzilmasini asta-sekin o‘zgartirishi maqsadga muvofiq.