Koronavirus laboratoriyada yaratilgan, deya ma’lum qildi AQSh Kongressi. Kongressmenlarga ikki yillik tergov natijasi bo‘lgan hisobot taqdim etildi.
Qayd etilishicha, virus tabiatda uchramaydigan biologik xususiyatlarga ega.
Barcha COVID-19 holatlari virusning inson tanasiga bir marta kirishi natijasida yuzaga kelgan. Vaholanki avvalgi pandemiyalarda virus tanaga bir necha marta kirganidan keyingina tarqalish holatlari kuzatilgan.
Xitoyning Uxan shahrida SARS viruslarini o‘rganish bo‘yicha yetakchi tadqiqot laboratoriyasi mavjud bo‘lib, u yerda tajribalar “adekvat biologik xavfsizlik darajasida” o‘tkazilgan.
“Uxan Virusologiya instituti (WIV) tadqiqotchilari 2019 yilning kuzida, yovvoyi hayvonlar bozorida COVID-19 kashf etilishidan bir necha oy oldin, COVIDʼga o‘xshash virusni yuqtirishgan. Ilm-fanning barcha me’yorlariga ko‘ra, agar tabiiy kelib chiqishi haqida dalillar mavjud bo‘lsa, u allaqachon yuzaga chiqqan bo‘lardi", - deya xulosa qildi ma’ruzachilar.
Kongressda ta’kidlanishicha, Uxandagi tajribalar, jumladan, amerikalik soliq to‘lovchilarning pullari hisobiga: yirik Amerika kompaniyalarining yashirin sxemalari orqali amalga oshirilgan. Ushbu sxemalar, taxminlarga ko‘ra, 2024 yildagina qisqartirilgan. Hisobotda, shuningdek, pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha ko‘rilgan choralar tanqid qilinadi, chunki bu choralar "og‘ir oqibatlarga" olib kelgan.
2019 yil dekabrda Xitoy hukumati Uxan shahrida noma’lum pnevmoniya avj olgani haqida JSSTga xabar bergan edi. 2020 yil mart oyida COVID-19 pandemiyasi e’lon qilinib, 2023 yil may oyida pandemiya maqomi bekor qilindi. Dunyo bo‘ylab 6,9 milliondan ortiq odam COVIDʼdan vafot etdi. Hozirgi vaqtda infeksiyaning shtammlarini aniqlash davom etmoqda, ammo unga qarshi vaksinalar allaqachon mavjud.