Majburiy ijro byurosining Olmazor tuman bo‘limi ish yurituviga Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qarorlariga asosan qarzdor “A.B.L.T.” MCHJdan undiruvchi “K.R.N.” MCHJ foydasiga 648,5 million so‘m, davlat foydasiga 796 463 so‘m davlat boji undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari, shuningdek, Toshkent shahar sudining qaroriga asosan undiruvchi “C.M.” MCHJ foydasiga 3,5 milliard so‘m undirish haqidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Shu tariqa, mazkur ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdordan jami 4,2 milliard so‘m undirish belgilangan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor korxonaga ixtiyoriy ijro muddati berilgan bo‘lsa-da, belgilangan muddatda ijro ta’minlanmagan. Shu sababli, qonunchilikda belgilangan tartibda qarzdorga tegishli “Malibu 2”, “Nexia 3” avtotransport vositalari hamda maxsus texnika vositalari xatlanib, jarima maydoniga joylashtirilgan.
Ayni paytda xatlangan maxsus texnika va avtotransport vositalarini onlayn auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Sotuv natijasida tushgan mablag‘lar undiruvchi tadbirkorlar hamda davlat foydasiga yo‘naltirilishi belgilangan.