Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Surxondaryoda direktor o‘rinbosari o‘qituvchilarga qo‘l ko‘tarib, haqorat qilib kelgani ma’lum bo‘ldi

Surxondaryoda direktor o‘rinbosari o‘qituvchilarga qo‘l ko‘tarib, haqorat qilib kelgani ma’lum bo‘ldi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (Ombudsmanga) Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi maktab o‘qituvchisi B.SH. o‘zi faoliyat yuritadigan maktab direktori o‘rinbosarining xati-harakatidan norozi bo‘lib murojaat qildi.

Murojaatchining yozishicha, maktab direktorining tarbiyaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari o‘quvchilar oldida o‘qituvchilarga qo‘pol munosabatda bo‘lib keladi, xattoki o‘qituvchilarga qo‘l ko‘targan holatlar ham uchragan. Mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotga qilingan murojaatlar biror bir natija bermagach, fuqaro B.SH. Ombudsmanga murojaat qilgan.

Ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, o‘rganilishi natijasida direktor o‘rinbosari G.SH.ning murojaatchi B.SH.ga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib kelganligi, odob-ahloq qoidalariga to‘liq amal qilmaganligi aniqlandi. Mazkur holat bo‘yicha direktor o‘rinbosari G.SH.ga nisbatan tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudirining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

Qayd etish lozimki, bu kabi holatlar mamlakatimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan davlat siyosatiga to‘g‘ri kelmaydi. Mamlakatimizda mazkur sohada o‘qituvchilarning nufuzi va maqomini oshirish, ularning professional faoliyat bilan shug‘ullanishlariga yanada keng sharoit yaratib berishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hattoki, o‘qituvchining maqomi alohida xujjat bilan mustahkamlab qo‘yilishi borasida ishlanmoqda. Chunki, barkamol, zakovatli va salohiyatli yosh avlodni shakllantirish eng avvalo, o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shunday ekan, o‘qituvchilarni hurmat qilish va ularni qadriga yetish oliy maqsadimiz bo‘lsin.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati

Kiritildi: 17:06 15.04.2022. O'qildi: 3599 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!