Mazkur sigaretlar xorijda ishlab chiqarilgan bo‘lib, respublika hududiga olib kirilgan vaqtda allaqachon ularning yaroqlilik muddati ham o‘tib ketgan ekan.
Termiz tumanidagi korxonalardan birida salkam 750 ming quti sigaretlar maxsus uskunalarda maydalab, parchalash yo‘li bilan yo‘q qilindi.
Barchaning ko‘z o‘ngida yo‘q qilingan 749 900 quti sigaretlar muqaddam bir guruh fuqarolar tomonidan oldindan til biriktirgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga bojxona chegarasi orqali noqonuniy ravishda olib kirilayotgan vaqtda aniqlangan edi.
Qiymati 10,2 mlrd so‘mni tashkil qiluvchi mazkur sigaretlar xorijda ishlab chiqarilgan bo‘lib, respublika hududiga olib kirilgan vaqtda allaqachon ularning yaroqlilik muddati ham o‘tib ketgan ekan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tuman sudining hukmi bilan mazkur holatda aybdor deb topilgan shaxs 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olingan sigaretlarning esa yo‘q qilinishi belgilandi.
Ta’kidlash joizki, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 2023-2024 yillar davomida aniqlangan 117 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 55,5 mlrd so‘mlik 3,2 mln quti tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi.