Hayit kuni sulton katta tantana bilan o‘tib qoldi. Yo‘lning ikki tarafida mirshablar saf tortishgan, a’yonlar sultonni qurshab olishgan va amirlar uning qarshisida yer o‘pishardi. Izz ibn Abdussalom* buni ko‘rib: "Ey Ayyub, Alloh: "Misrning mulkini senga topshirib qo‘ygan bo‘lsam, xamrni qandoq muboh etding?", desa qanday hujjat keltirasan?", deya xitob qildilar. Shunda sulton: "Nima, shunaqa ish sodir bo‘libdimi?", deya so‘radi. Izz: "Ha, falon, falon yerlardagi do‘konlarda u sotilyapti", dedilar. Sulton aytdi: "Xo‘jam, buni men qilmaganman. Otam zamonidan beri bu mavjud", dedi. Shunda imom boshlarini ko‘tarib: "Sen ham: "Yo‘q! Ular: «Biz ota-bobolarimizni bir dinda topdikki, albatta, biz ularning izlaridan hidoyat topguvchidirmiz», deydiganlardanmisan?" (“Zuxruf” surasi, 22-oyat), deya xitob qildilar.
Shundan keyin sulton mazkur do‘konlarni buzib tashlashga va xamrni ta’qiqlashga farmon berdi. Bu xabar odamlar orasida yoyildi. Izz ibn Abdussalom esa dars majlislariga qaytdilar. Shunda shogirdlaridan biri kelib: "Sultondan qo‘rqmadingizmi?", deb so‘radi. U kishi mana bunday javob qildilar: "Allohga qasamki ey o‘g‘lim, Alloh taoloning buyukligini ko‘z o‘ngimga keltiruvdim, sulton nazdimda mushukka aylanib qoldi..."
*Izz ibn Abdussalom – "ulamolar sultoni" deb laqab olgan mashhur olim. Sultonlarni mo‘g‘ul-tatarlar istilosiga qarshi undab, yurishini to‘xtatishga sabab bo‘lganlar.
Manba: azon.uz