Bugun 5 avgust, 2025 yil, seshanba

КИР

Sulton Muhammad Shayboniyxon. U kim bo‘lgan?

A A A
Sulton Muhammad Shayboniyxon. U kim bo‘lgan?

«Shayboniylar sulolasi» asoschisi Muhammad Shayboniyxon 1451 yilda tavallud topgan. U g‘oyat katta jismoniy kuchga, harbiy tashkilotchilik qobiliyatiga ega, yollanma qo‘shin boshlig‘idan xon darajasiga ko‘tarilgan tarixiy shaxsdir.

Shayboniyxonning temuriylarga qarshi 1500-1509 yillarda olib borgan shiddatli urushlar oqibatida Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni o‘z ichiga olgan «Shayboniylar davlati»ga asos soladi.

Shayboniyxon davlatni iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustahkamlash yo‘lida qator islohotlar o‘tkazdi. Birinchidan u davlat boshqaruvida suyurg‘ol tizimini joriy etdi, ya’ni zabt etilgan hududlarni boshqarish ishini o‘z farzandlariga, qarindosh-urug‘lariga, birodarlariga, qabila boshliqlari bo‘lgan sultonlarga topshiradi.

Ikkinchidan, u mamlakatda yer-suvni qaytadan taqsim qildi. Ko‘chmanchi qabila zodagonlari yengilgan mahalliy mulkdorlar mol-mulkini musodara qilish, sotish, egasiz qolgan yerlarni o‘zlariniki qilib olish yo‘li bilan mulklarini ko‘paytirib oldilar.

Uchinchidan, mamlakat ichida ijtimoiy hayotni tartibga solishga imkon beruvchi islohot ham o‘tkazdi. Keyingi 10 yil ichida soliqlar og‘irligidan va mulkdorlar jabr-zulmidan yer-suvlarini tashlab ketgan xo‘jaliklar yerlarini ishga tushirish masalasini ko‘rib chiqdi.

Shayboniyxon 1510 yil Marv yaqinidagi Mahmud qishlog‘ida Eron shohi Ismoil Safaviy bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. Jang tugaganidan so‘ng uning jasadi askarlar jasadlari orasidan topilgan. Shayboniyxonning vahshiylarcha tanib bo‘lmas holga keltirilgan boshsiz tanasi Samarqanddagi Baland Sufa degan yerga dafn etilgan.

Shayboniyxonning hayot tarixida e’tiborga molik uch muhim nuqta bor:

U avvalo, O‘rta Osiyoliklarning ichki kuchlariga tayanib yurishlar qilgan va oqibatda chegarasi Amudaryo doirasidan juda uzoqqa cho‘zilgan bir mamlakatni barpo etgan buyuk sohibqironlarning oxirgisi edi. Bundan keyingi jangovar yo‘lboshchilar, mahorat va hirslari qanchalik katta bo‘lsada, bu boradagi baxt-omadga erisholmadilar.

Ikkinchidan, bundan keyin O‘rta va G‘arbiy Osiyoda qabilalar urushi tamomila barham topdi. O‘zbeklar Turon yaylovidan janubiy g‘arbga tushgan qavmlarning eng so‘nggi qabilasi bo‘ldilar.

Uchinchidan, ilk Amu va Sir daryolarining narigi tarafidagi musulmonlar bilan G‘arbiy Osiyodagi din qardoshlari o‘rtasida juda yaqin bo‘lmasada, doimiy bir aloqa bor edi. Temuriylarning inqirozi va halokatlari bilan bu aloqa tamom bo‘ldi. Xususan, Safaviylarning shialikni quvvatlashlari sababli aloqa uzilishi yanada chuqurlashdi. Shayboniyning ko‘chmanchi qavmlari bilan bu o‘lkaning shimol tarafiga yurishi, bunda tamomila ma’lum diniy-ijtimoiy o‘zgarish qilgan (shialik tarqalishi) vaqtlarga to‘g‘ri kelgani uchun Movarounnahr yanada tezroq mustaqil bo‘lib oldi: juda qadim zamonlardagi kabi Movarounnahrning suv hududi Turon bilan Eron orasida asosiy bir chegara holini oldi.

Kiritildi: 23:00 21.10.2019. O'qildi: 28570 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!