Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Sud jarayonini yoritishda jurnalistning nega «qo‘li» kalta?

Sud jarayonini yoritishda jurnalistning nega «qo‘li» kalta?

Hayot biz o‘ylaganchalik silliq emas, uning tog‘dan ham baland dovonlari bor. Hayot biz o‘ylagan kabi faqat yaxshilikdan, faqat oq ranglardan iborat emas. Uning razillikdan quvvat olayotgan ayanchli ko‘zgulari  bor, yomonlik degan  xosiyatsiz  tuynuklari bor. Ko‘zingizni bir lahzada ko‘r qilib qo‘yadigan achchiq ranglari, bo‘g‘zingizga afsus-nadomatlarni xanjardek botiradigan achchiq ta’mlari bor…

Hayotning zarbalari boshiga tushgan,  ko‘ngli  yakson  bo‘lgan xokisor odamlar ko‘proq bizning ko‘zimizga ko‘rinishining sababini bir so‘z bilan ta’riflash qiyin. Ammo aniq bilamiz, biz adolat izlayotgan, haqiqat istayotganlar tarafidamiz, ularni qo‘llab-quvvatlashga har lahza shaymiz. Kuyunchakligimiz sababi shundan bo‘lsa ajabmas…

Hayot chorrahalarida ming xil holatni ko‘rganmiz. Yuragimizga tosh kabi og‘irlik qiladigan ne-ne voqealarga duch kelganmiz, chorasiz qolganmiz. Ularni yoritishga harakat qilganmiz. Bu harakatlarimiz gohida muvaffaqiyatli, gohida esa teskarisi bo‘lib chiqqan.

Chunki jurnalistman deb da’vo qilayotgan ayrim blogerlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarini axborot “qiroli”dek his etib, ayrim mudhish holatlarni olamshumul voqea, deb  tezkorlik bilan  yoritishga oshiqmoqda. Bu tezkorlikning ortida qancha-qancha ko‘ngillarni sindirayotgani ularning xayoliga ham kirib chiqmayotgani achinarli, albatta. Gohida esa bunday shoshma-shosharlikka jurnalistlarimiz ham yo‘l qo‘yayotganligini inkor eta olmaymiz.

 Fakt va fikr…

Aslida  mash’um voqealarni  qalamga olish, mulohaza qilishga talabgor emasmiz. Ammo… Fikrimizni ifodalash uchun majburmiz.

Navbahorda o‘tgan yili  xalq ta’limi bo‘limi mudiri  bo‘lib ishlab turgan rahbar ayol o‘z uyida turmush o‘rtog‘i tomonidan qizchasining ko‘z o‘ngida pichoqlangani haqidagi dahshatli voqea  ijtimoiy tarmoqlarda shu qadar tez yoritildiki, hali jabriydaning tanasi sovimasdan, bu mudhish xabar butun  dunyoga tarqaldi.

Fakt va fikr…  Juda ko‘p hollarda fakt bor, fikr  esa yo‘q bo‘ladi. Shov-shuv qilishdan  maqsad nima? Qotillik sodir bo‘ldi. Pichoqlangan rahbar ayolning ismi sharifi, turmush o‘rtog‘i tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilganligi haqidagi fakt yoritildi.  Bu voqeani aytayotgan og‘izlar, eshitgan quloqlar larzaga keldi-yu, endi ko‘rib turgan guvoh bo‘lganlarning ahvolini tasavvur qilavering. Jurnalist hamkasbimiz  o‘zi fikr bildirish  o‘rniga  bu vazifani bajarish uchun oilaning voyaga yetmagan farzandi yosh qizchani tanlaganiga taajjubdamiz. Qalbi, ruhiyati shundoq ham jarohatlangan boladan bu fojia tafsilotini so‘rab, intervyu olish va onasining o‘limini ta’riflab berishni  so‘rash uchun qanchalar toshbag‘ir bo‘lishi kerak odam.

O‘zi shundoq ham onasining faryodidan dahshatga tushgan, otasining qonxo‘rligidan  o‘zini yo‘qotgan majruh qalb egasining ruhiy ahvolini tasavvurga sig‘dirish qiyin.  Unga shifokor yordamini ko‘rsatish o‘rniga, azobli savollarni berish mantiqqa, insoniylikka qanchalik to‘g‘ri keladi?

Bu yerda hamkasblarimiz ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunlardan yaxshi xabardor bo‘lishlari zarur, bunday xabarlarni tarqatayotganda, qanday yo‘l tutishlari lozim, degan xulosalar va savollar bor.

— Jamiyatda barqarorlik, adolat qaror topishida  ommaviy axborot vositalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligi muhim. Fojia joyidan reportaj tayyorlashda intervyu olish uchun jurnalistda mahorat, tezkorlik, ehtiyotkorlik, ruhiy barqarorlik va hamdardlik bo‘lishi kerak, — deydi jurnalist, filologiya fanlari nomzodi Nargis Qosimova. — Muhimi etika qoidasiga rioya qilish ham zarur. Shuningdek,  u jabrdiydalar, guvohlar, hatto o‘z auditoriyasi ruhiyatini ham hisobga olishi kerak.

Auditoriyani larzaga soladigan ma’lumotlar suratlar, tasvirlarni uzatib, guvohlar, jabrlanganlar va ularning yaqinlari ishtirokida o‘nlab reportajlar, intervyular tayyorlab, ko‘p hollarda jurnalistlarning o‘zlari ham ruhshunos ko‘magiga muhtoj bo‘lib qoladilar.

Yoki tahqirlangan qizni so‘roq qilayotgan tergovchilar haqidagi ba’zi mulohazalar haqida fikrlashmoqchi bo‘lsak, yanada og‘ir vaziyatga duch kelamiz. To‘g‘ri, jinoyatni ochish uchun voqea tafsiloti va oddiy detallargacha muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Lekin bu mudhish holatni jabrdiydaga takror-takror eslatish va  undan inson zotining bu vahshiyligi, tajovuzi haqida qayta-qayta so‘rashning  ham chegarasi bordir.

Bu ko‘rgilikning o‘zi qolib, tergov organlarida ayrimlarning jonidan o‘tkazib yuborgan savolu so‘roqlarning ham  toshu tarozusiga qarash kerakka o‘xshaydi.

Yana bir narsa ko‘pchiligimizni doimo o‘ylantirib, noroziligimizga sabab bo‘lib kelgan.  Adolatli sudlarimiz nega ochiq emas?

Sudlar  nega va  qachon yopiq o‘tkaziladi?

  Xalqaro huquq normalarida “Inson huquqlari deklarasiyasining 10-11-moddasida ham sudlar ochiq o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.  Konstitusiyamizning 29-moddasida: “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir”, deyilgan.   Bosh qomusimizning 113-moddasida esa: “Hamma sudlarda  ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi”, deyiladi.  JPKning 19-moddasi ham  sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi deb nomlangan. Afsuski,  shunga qaramasdan sudlar aksariyat hollarda yopiq holda o‘tkazilishi odatga aylangan. Bundan kim manfaatdor? Albatta, sudlar.  Savol tug‘iladi. Nega sudlar hamma narsa qonuniy va adolatli bo‘lsa, nima uchun ochiqchasiga o‘tkazilmaydi? Nima sababdan jurnalistlarning sudda ishtirok etishi taqiqlanadi? Ular nimaning oshkor bo‘lishidan hadiksirayapti? Inson huquqlari buzilishining oshkor etilishidanmi?

Xullas, bu kabi savollar ko‘p.

Jurnalistlarni  qayta tayyorlash markazi tomonidan   USAID   moliyaviy ko‘magi asosida viloyatlarda  o‘tkazilgan  “O‘zbekiston sud-huquq tizimining islohoti: ommaviy axborot vositalarida yoritish” mavzusidagi vebinarda  huquqshunos, jurnalist Karim Bahriyev va  O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti dosenti, media-trener Nargis Qosimovalar tomonidan  yuqoridagi savollarga  javob  berish bilan birga, vebinar ishtirokchilariga jurnalistning sud jarayonidagi axborotni olish bilan bog‘liq masalalar, sud zalidan reportaj tayyorlashning o‘ziga xos jihatlari, huquqiy mavzuni yoritadigan jurnalistlarning xavfsizligi masalasi,  axborot xavfsizligi  asoslari va sud -huquq tizimini yoritishda  axloqiy tamoyillar to‘g‘risida  batafsil ma’lumot berildi.

Xulosa shuki, hayotda har bir voqea yoki hodisaning yoritilishida  jurnalistning o‘tkir nigohi, fakt va fikrning xolisligi, sudlarning ochiqligi nihoyatda muhimdir.

                                                                           Marusa HOSILOVA,

                                                                           jurnalist

Kiritildi: 03:00 05.07.2020. O'qildi: 1896 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!