Kir Starmer va Emmanuel Makron Baydenni "oxirgi marta" Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga hujum qilishga ruxsat berishga ko‘ndirishga harakat qiladi. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
Gazeta manbalariga ko‘ra, Buyuk Britaniya va Fransiya rahbarlari buni Parijda muhokama qilishadi. Starmer bugun Birinchi jahon urushi tugagan sana munosabati bilan tashkillashtiriladigan marosimda ishtirok etish uchun Fransiyaga keladi.
Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari Trampning yaqinlashib kelayotgan prezidentligi oqibatlari va AQShning Yevropaga qarshi savdo urushi ehtimolini muhokama qiladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy uzoq vaqtdan beri G‘arb davlatlarini Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalanishga ruxsat berishga chaqirib keladi. The Guardian sentyabr oyi boshida Britaniya Rossiyaga Storm Shadow raketalari bilan zarba berishga ruxsat bergani haqida xabar bergan edi.