Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

SSV: O‘zbekistonda ilk bor son suyaklari sinishlari o‘tkir davrida tos-son bo‘g‘inini endoprotezlash yo‘lga qo‘yildi

SSV: O‘zbekistonda ilk bor son suyaklari sinishlari o‘tkir davrida tos-son bo‘g‘inini endoprotezlash yo‘lga qo‘yildi

Shoshilinch tibbiy xizmat odamlar eng ko‘p murojaat qiladigan, aholiga har tomonlama tez va sifatli yordam ko‘rsatuvchi muhim tuzilma sanaladi.

Aytish kerak, oxirgi yillarda sog‘liqni saqlash sohasiga qaratilayotgan e’tibor natijasida mazkur yo‘nalishda yaxlit tizim yaratilib, uning qamrovi yanada kengaydi. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlardagi 13 filiali hamda 181 ta subfilialida aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul, sifatli va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Birgina RSHTYOIMning 53 ta klinik va paraklinik bo‘lim hamda tarkibiy bo‘linmalarida bugungi kunda o‘nlab turli yuqori texnologik va murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilyapti.

Jumladan, kattalar va bolalarda qorin bo‘shlig‘i, ko‘krak qafasidagi barcha shoshilinch kasalliklarda minimal invaziv laparoskopik jarrohlik usullari, yurak huruji va bosh miya qon aylanishi buzilishlarida dunyoda “oltin standart” sifatida qabul qilingan teri orqali minimal invaziv angiografik usullar keng qo‘llanilmoqda.

— Hozir diagnostika va davolash jarayoniga bir qator innovasion usullar tatbiq qilinyapti, — deydi RSHTYOIM direktori Doniyor Alimov. — Xususan, 2022 yil markaz va uning hududiy filiallarida “bola yoshidagi shikastlanishlar” bo‘limi tashkil qilindi. Umurtqalarning nostabil sinishlarini xirurgik davolashning zamonaviy usullari amaliyotga tatbiq qilinishi natijasida esa 900 nafardan ziyod bemorning sog‘ayish muddati qisqardi.

Yana bir yangilik. Markazimizda bu yildan ilk bor tos suyaklari va qovurg‘alarning ko‘plab sinishlarida zamonaviy yuqori texnologik metall konstruksiyalarni qo‘llovchi yangi xirurgik amaliyotlar yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ilk bor son suyaklari sinishlari o‘tkir davrida tos-son bo‘g‘inini endoprotezlash muolaja usullari amaliyotga tatbiq qilinib, bugungacha 20 nafardan ziyod og‘ir shikastlangan bemorda ushbu murakkab operasiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Natijada ular orasida o‘lim va nogironlik ko‘rsatkichlari qisqarishiga erishildi.

Qolaversa, yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda bosh miyaning qon tomir nuqsonlarini diagnostika qilish va xirurgik davolashning eng zamonaviy usullarini qo‘llash orqali insult oqibatida chuqur nogironlikka mahkum bo‘lgan 35 nafardan ziyod bemorda noyob operasiyalar o‘tkazildi.

Ayniqsa, mamlakatimizda ilk bor yurakning koronar arteriyalari va bosh miyaning ekstrakranial qon tomirlarida bir vaqtning o‘zida gibrid va simultant operasiyalarning bajarilishi ko‘plab bemorlar hayotini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.

Kiritildi: 12:46 05.10.2022. O'qildi: 1078 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!