Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

SSSRdan qochishga muvaffaq bo‘lgan okeanolog

SSSRdan qochishga muvaffaq bo‘lgan okeanolog

Okeanolog olim Stanislav Kurilov Tinch okeanidagi yo‘lovchi kemasidan pastga sakradi va yuz kilometrdan ko‘proq masofani oziq-ovqatsiz, faqat suvda suzish uchun oyoqqa kiyiladigan lasta, qo‘lqop, niqob va nafas olish uchun naycha bilan jihozlanganicha uch kecha-yu ikki kun okeanda suzib, Filipinning Siargao oroliga yetdi.

“Sovet ittifoqi” nomli kema Tinch okeani bo‘ylab Vladivostokdan ekvatorgacha va orqaga suzardi. Sayyohlar uchun 20 kunlik sayohat chet el portlarining birortasida chaqiruvsiz (to‘xtashi shart bo‘lmagan hol) amalga oshirilganligi sababli, ularga viza kerak emas edi.

Slava Kurilov Sovet ittifoqidan chet elga chiqishi ta’qiqlanganlardan biri edi. Lekin u bunga dosh bera olmadi. Kurilov uchun ushbu sayohat SSSR chegaralarini tark etish va bu mamlakatdan qochish rejasini amalga oshirishga urinishning yagona yo‘li edi va faqat uning o‘zi bunga ishonardi.

Keyinchalik Kurilov 38 yil yashagan SSSRda uning qochishi to‘g‘risida tuzilgan komissiya tomonidan “vataniga xiyonati uchun” 10 yilga ozodlikdan mahrum etishga qaror qilindi. Ammo bu Kurilovni bezovta qilmadi. U ko‘p yillar davomida orzu qilgan narsalarini amalga oshira boshladi. Okeanni o‘rgandi, sayohatlar, shu jumladan, Shimoliy Qutbga ekspedisiyalar uyushtirdi.

Slava Kurilovning “Okeanda yolg‘iz” kitobidan lavhalar

...Birgina sakrash meni o‘ziga jalb qilayotgan go‘zal hayot va ozodlikdan ajratib turardi. Lekin o‘ylashga vaqt yo‘q. Kun yorishganda kemadagi yuzlab ko‘zlar oldida uni tark etishga imkon bo‘lmaydi, zudlik bilan shlyupka tushiriladi. Tun – qochoqlar vaqti. Hatto, qamoqxonadan ham tunda qochishadi...

Hodisa

Bo‘lg‘usi qochoqning ko‘zlari bilan laynerni puxta o‘rganganimdan so‘ng faqat ikki - ulkan vint parragi orasi va suv osti qanotlari tugaydigan joyda sakrash mumkinligini angladim. Turgan joyimdan suvgacha bo‘lgan masofa 14 metr edi. Dengizga 10 metr balandlikdagi qoyalardan yoki kichik kemalarning tuzilmalaridan ko‘p marta sakrashga to‘g‘ri kelardi. Ammo bunday balandlikdan va bunday tezlikda...

Kema quyrug‘ining “qirg‘og‘i”da turib, balandlikni ko‘z bilan o‘lchadim va bir daqiqa o‘ylanib qoldim.

- Juda baland, - dedi ichimdagi iblis vasvasachisi. - Uddalay olmaysan. 

U meni o‘jarligim bilan o‘ynashmoqchi edi.

- Kim bilar, - javob berdim men va sakrashga qaror qildim.

...Har qanday holatda ham, hatto butun jamoa oldida bo‘lsa ham sakrash kerak!

Pastga tushdim. Ikki matros kayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Uchinchisi esa menga orqa o‘girilib, yig‘ma karavotni ochib, yotishga hozirlanayotgandi. Bir qo‘lim bilan palubadagi bort to‘sig‘iga suyanib, bort ortiga o‘tib oldim va zarb bilan tepindim. O‘zimni shunchalik tez tashladimki, mening sakrashimni payqash qiyin edi.

Suv ustidagi parvozim menga cheksiz tuyuldi. Parvoz qilayotganimda, ma’lum bir psixologik to‘siqni bosib o‘tdim va uning boshqa tomonida butunlay boshqa odam bo‘lib o‘tdim.

Bir muddat gorizontal holatda uchdim, inersiya kuchi zaiflasha boshlaganini va deyarli vertikal ravishda yiqilib tushayotganimni sezib, tanamni silliq aylantira boshladim. Shunda qorong‘iliqda yo‘qotib qo‘yishdan juda qo‘rqqan qo‘limdagi suzish ashyolari bo‘lgan sumkani tashlamasdan oyoqlarim bilan suvga muvaffaqiyatli kirdim.

Suv yuziga qalqib chiqib, boshimni o‘girdim va qo‘rquvdan muzlab qoldim. Yonginamda qo‘l uzunligidagi yaqinlikda ulkan layner va uning ulkan vintlari aylanib turardi. Nazarimda, bir necha soniya oldin 18 tugun tezlikda harakatlanayotgan layner to‘satdan to‘xtab qoldi. Kema korpusining dahshatli tebranishda guvillashi shovqini vujudimdan o‘tar va meni qora tubanlikka itarishga harakat qilardi. Vint menga jonli bo‘lib ko‘rindi. Uning yuzida ichiqoralik bilan qilgan tabassumi bor edi. U meni ko‘rinmas qo‘llari bilan mahkam ushlab turayotgandek tuyulardi.

To‘satdan bir kuch meni chetga surib yubordi va tezlik bilan keng ochilgan cheksizlikka uchib ketdim. Aslida vintning o‘ng tomonidagi kuchli suv oqimiga tushib qolgandim va u meni yon tomonga uloqtirib tashladi.

Nafasimni ushlab chiroqlarning katta yorug‘lik nuri o‘tguncha suv yuzasida qolishga harakat qildim. Ma’lum bir muddat qorong‘ilik hukmron edi, keyin yorqin nur ostida qoldim. Meni ko‘rib qolishdi va projektor nuriga olishdi, deb o‘yladim. Ammo ko‘p o‘tmay zulmat tushdi. Endi kerak bo‘lmagan sochiqni tashladim, niqobni naychasi bilan kiyib, bir nechta chuqur nafas oldim. Suv juda iliq edi. Bu haroratda juda uzoq vaqt suzish mumkin. Oyoqlarimga lastalar va barmoqlar orasida suzish pardasi bo‘lgan qo‘lqopni kiydim, endi sumkaning keragi yo‘q.

Chiroqli soatim kema vaqti bilan 20:15 ni ko‘rsatdi. Keyinchalik u to‘xtaganini ko‘rib, uni ham tashladim.

Layner tezda uzoqlashdi...

Men o‘zimni juda yengil his qildim. Axir, men bahaybat aylanadigan vintdan tirik va beshikast qutuldim. Inson bir vaqtning o‘zida bir nechta xavfni idrok qila olmaydi. Vahimaga tushgan paytda qo‘rquv qanday bo‘lmasin, farq qilmaydi. Faqat keyingina u o‘ziga navbatma-navbat qilingan tajovuzni eslaydi...

Okean meni yaxshi ko‘radi. U meni shundoqqina kaftida qirg‘oqqa olib chiqib qo‘ydi. O‘rtamizdagi o‘zaro muhabbat tuyg‘usi qalbimni to‘ldirdi. Tanam go‘yoki, yo‘q bo‘lib ketganday, eriganday. Yuqoridan okeanga, orolga qarayman, men yulduzlar orasida edim, tungi osmonda bulut bo‘lib, shamol bo‘lib, har bir daraxt, har bir gul, palmalarning cho‘qqilarida suzdim, ko‘rfaz oyinasida yulduzlarning aksi edim. Cheksiz minnatdorchilik tuyg‘usi qalbimda saqlanib qoldi.

Bahora MUHAMMADIYEVA tarjimasi

Kiritildi: 04:30 23.09.2020. O'qildi: 3743 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!