Musulmon kishiga kofirlarning taomxonalarida ishlash, spirtli ichimliklar quyib berish, keltirish yoki cho‘chqa (yoki boshqa go‘shti harom hayvonlar)ning go‘shtidan tayyorlangan taomlarni keltirib berish yoki shu kabi boshqa harom ishlarni qilmaslik sharti bilan joiz. Zotan, ichadiganlarga aroq quyib berish yoki uni olib borib taqdim qilish haromligi ochiq-oydin dalil ila haromdir.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xamrni, ichuvchisini, quyib beruvchisini, sotuvchisini, sotib oluvchisini, siquvchisini, siqtiruvchisini, ko‘taruvchisini va ko‘tarib olib boruvchisini la’natladi”, deb aytganlar (Abu Dovud).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xamrda o‘n toifani la’natlaganlar: Siquvchisini, siqtiruvchisini, ichuvchisini, ko‘taruvchisini, ko‘tarib olib boruvchisini, quyib beruvchisini, sotuvchisini, bahosini yeguvchisini, uning uchun sotib olingan erkakni va uning uchun sotib olingan ayolni” (Termiziy).
Bu hadis Anasning hadisidan g‘aribdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xuddi shu ma’nodagi boshqa hadislar Ibn Abbos, Ibn Mas’ud va Ibn Umar roziyallohu anhumlar tomonidan rivoyat qilingan.
Ibn Moja, Anas ibn Molik roziyallohu anhuning hadisini: "Siquvchisini, siqtiruvchisini, uning uchun siqilganni, ko‘targanni, uning uchun ko‘tarilganni, sotib oluvchini, uning uchun sotib olinganni, quyib beruvchisini va quydirib beruvchisini" lafzlari bilan rivoyat qilgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Baqara surasining oxirgi oyatlari nozil bo‘lganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tashqariga chiqib, u oyatlarni odamlarga o‘qib berdilar va xamr ila tijorat qilishdan qaytardilar”. (Buxoriy va Muslim).
Imom Muslim ibn Abbos roziyallohu anhudan marfu’ holda bunday rivoyat qilgan:
“Albatta xamrni ichishni harom qilgan zot, uni sotishni ham harom qildi”.
Abdurohman ibn Va’ladan rivoyat qilinishicha, u Ibn Abbosdan: "Biz bir yerda yashaymiz, u yerda uzumzorlarimiz bor. O‘sha uzumzorlarning eng ko‘p mahsuloti xamr bo‘ladi", deya so‘radi. Shunda Ibn Abbos unga bunday javob berdi: “Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xamr idishini hadya qildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Buni ichishni harom qilgan zot, sotishni ham harom qildi”, deb aytdilar” (Imom Ahmad “Musnad”ida rivoyat qilgan).
Ushbu keltirilgan hadislardan ma’lum bo‘ldiki, xamrning savdosi, uni ko‘tarib xizmat qilish yoki haq olib uni quyib berish haromdir. Ibn Abbos roziyallohu anhuning fatvolaridan ko‘rinib turibdiki, bu narsalarning hech biri, garchi o‘sha kasb qilinayotgan narsa uzumdan xamr qilish juda ko‘paygan joy (ajnabiy yurtlar)da bo‘lsa ham, musulmon kishi uchun halol bo‘lmaydi.
Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy.
"Buhusun fil qozoya fiqhiyya mu’asiro", 1/338.
Tarjimon ilovasi: Xorijiy yurtlarda ishlab yurgan birodarlarimiz mana shu fatvoga e’tiborli bo‘lishlari lozim. “Men ishlab pul topishga kelganman, oilamni boqishim kerak”, deya duch kelgan ishlarni qilib ketavermaslik, oilaga halol kasbdan pul topib yedirish, farzandlar luqmasiga harom aralashtirishdan hazir bo‘lish lozim.
Ajnabiy yurtlarda spirtli ichimliklar tayyorlash va yetkazish, cho‘chqa va it kabi go‘shti harom qilingan hayvonlardan taomlar tayyorlash, keltirib berishga o‘xshash musulmonlar uchun man etilgan ishlardan pul topmasliklari kerak.
Izlagan imkon topadi. Har doim hamma zamonda ham halol mehnat qilib pul topish mumkin bo‘lgan ish topish mumkin. To‘g‘ri, juda serdaromad bo‘lmasligi mumkin, ammo halol kasb!
Tarjimon: Sunnatulloh Abdulbosit