Bugun 25 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Soqol qo‘yish oliftalikmi yoki?..

A A A
Soqol qo‘yish oliftalikmi yoki?..

Soqol qo‘yish... Avvaliga bu haqda nima yozishga biroz o‘ylandim va atrofni kuzatishni boshladim. Yo‘limda duch kelgan har to‘rtta erkaklarning bittasi soqol qo‘ygan. “Ha, buning nimasi yomon?” deya iddao qilishga shoshilmang va quyidagilarga quloq tuting.

To‘g‘ri, dinimizda ham, davlatimiz tomonidan ham soqol qo‘yish haqida hech qanday taqiq va cheklovlar yo‘q. Lekin... ana shu lekin meni biroz o‘ylantirib qo‘ydi. “Endi cheklovlar yo‘q-ku”, deb yosh yigitchalarning ham soqol qo‘yishi, qo‘yganda ham o‘ziga yarashmagan va tartibsiz qilib o‘stirib yurishi qaysi me’yorlarimizga to‘g‘ri keladi? Yoki ularning ota-onasi bu borada farzandiga tanbeh berishni keyinroqqa surib, qandaydir mo‘’jiza ro‘y berishini kutishayotganmikin?..

Taqlid sizga yarashadimi?

Bu yerda telekanallarimizda taqdim etilayotgan turli turk seriallarining ham ta’siri katta ekanini ta’kidlamay ilojimiz yo‘q. Xo‘sh, o‘sha seriallardagi aktyorning shu imijiga havas qilgan ekansiz, nega yaxshi hislatlarini emas, aynan o‘zingizga yarashmagan tomonlarini ko‘chirib olyapsiz? Yoki shu ko‘rinish sizni o‘sha taqlidchingizga yaqinlashtiradimi? Ayting-chi, nega soqol qo‘yishni shunchaki oliftalikka aylantirib oldingiz? Sizga kim huquq berdiki, islom dinida sunnat deya aytilgan bunday ishni niqob qilib, og‘zingizni to‘ldirib so‘kinarkansiz-da, yana “Men dinimiz amallarini bajaryapman” deya ko‘krak kerasiz?

San’atkorlardan o‘rnak olyapsizmi?

Yana bir fikr. Xalqimiz san’atsevar xalq. Ammo bu san’atkorning qilganini qilish kerak degani emas, yoki “Xalqimiz bizdan o‘rnak oladi-ku” degan fikrni esdan chiqarib, ayrim san’at vakillariga o‘xshab soqol o‘stirish nega kerak bo‘lib qoldi yigitlarimizga hayronman? Yana qaytaraman, men yigitlarimizning soqol qo‘yishini tanqid qilmoqchi emasman, biroq hamma narsada me’yor va chegara borligini nahot unutib qo‘ydik?!

Hamon esimda, yoshligimizda bir nuroniy qo‘shnimiz bo‘lardi. Ularning nuroniyligi oppoq ko‘ksiga tushib turgan soqoli bilan yanada sirli ko‘rinardi. Doim ana shu qordek soqolini silab bizlarga urush yillaridagi xotiralarini so‘zlab berardi... O‘ylashimcha, soqol bizning ana shunday nuroniy otaxonu bobolarimizga yarashadi. Ha, ko‘ksida oppoq soqoli, qo‘lida tasbehi ila duoga qo‘l ochayotgan o‘zbek bobosini bir ko‘z oldingizga keltiring, a!

Endi tasavvur olamingizni texnologiyalar davrining bugungi yoshlari tomon buring. 17-18 yoshlar atrofidagi yigitcha tartibsiz soqol qo‘yib olgancha ko‘chada do‘stlari bilan uyatsiz gaplarni aytib, o‘z ko‘rinishiyu gap-so‘zlari bilan hammani lol qoldirishga urinsa. Buni qanday tushunish kerak?!

Gulzoda ABDURAIMOVA

 

Kiritildi: 10:52 19.07.2018. O'qildi: 10344 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik