Soliq organlari savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatidagi kartadan kartaga o‘tkazmalarni tekshira boshladi.
Ayni paytda soliq organlari tomonidan savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda savdo amaliyotlari P2P — plastik kartadan plastik kartaga pul o‘tkazmalari orqali amalga oshirilayotgan holatlar tahlil qilinmoqda. Afsuski, bunday operasiyalar orqali tushgan ayrim daromadlar soliq hisobotlarida aks ettirilmasligi natijasida davlat byudjetiga tegishli tushumlar to‘liq shakllanmay qolmoqda, — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan soliq organlari tomonidan yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘lar yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilayotgani bildirildi.
Aniqlangan holatlar asosida soliq hisobotlarida aks ettirilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda hamda soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuborilmoqda.
Bu jarayon jazolash yoki bosim o‘tkazish emas, balki iqtisodiy adolatni ta’minlash, yashirin aylanmalarni qisqartirish va halol mehnat qilib, qonun doirasida ish yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, — deb ta’kidladi qomita.
Soliq organlari barcha tadbirkorlik sub’ektlarini amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya qilishga, savdo tushumlarini to‘liq rasmiylashtirishga va soliq hisobotlarida haqqoniy aks ettirishga chaqirdi.