Bugun 24 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Siz xiyonatchimisiz?

A A A
Siz xiyonatchimisiz?

Farzandingiz oliy o‘quv yurtiga hujjat topshiryaptimi? Xo‘sh, qaysi biriga? Buni kim xohladi, sizmi yoki uning o‘zi?

Endigina maktabni bitirib, institutga kirmoqchi bo‘lgan paytim edi. Ustozimiz barchamizdan orzularimizni birma-bir so‘rab chiqdi. Gal menga keldi.

— Sizdek o‘qituvchi bo‘lgim kelardi... — dedim.

— Nega «kelardi» deyapsan? —  dedi ustoz.

O‘qituvchi bo‘lishimga ota-onam qarshi ekanini tushuntirgan bo‘ldim. Shunda ustozim:

— Sen xiyonatchimisan? — dedi jiddiy ohangda.

Nima deyishimni bilmay, xuddi o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushgan kissavurday dovdirab qoldim. Qolganlar ham angrayib, hayron bo‘lib turibdi. Axir, bunday so‘zlarni faqat kinolarda — televizorda eshitardik-da! Ustoz biroz sukut saqlagach:

— Sen xiyonatni qanday tushunasan? Vatanga xiyonat, oilaga xiyonat, do‘stga xiyonat — gunohi og‘ir qilmishlardan hisoblanadi. Seniki esa, o‘zingga — kelajagingga xiyonat! Mayli, ota-onang aytgan boshqa kasbni ham egallading, deylik. O‘shanda kasbingni sevib, fidoyi bo‘la olasanmi? — dedi.

Ustozning gaplari yukini ko‘tara olmadim. U kishining birgina «xiyonatchimisan?» degan so‘rog‘i vujudimda hali mudrab yotgan o‘z «men»imni uyg‘otib yuborganday bo‘ldi.

Keyin ota-onamga shu voqeani aytib berdim. Uzoq o‘ylanib qolishdi. Men esa, shunchaki o‘qituvchi bo‘laman demadim, qat’iyat bilan buni amalda ko‘rsatib berishga urindim. Shundagina ular meni tushunib, qo‘llab-quvvatlashdi.

Odam o‘z kasbini sevsa, iqtidorini o‘stirib, undan ilhom, zavq ola biladi. Sohasining fidoyisiga aylanadi!

Bir necha yillardan beri yosh avlodga tasviriy san’atdan dars beraman. O‘quvchilarimning darsga bo‘lgan qiziqishi meni o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashimga, yangidan-yangi rejalar tuzib, g‘oyatda faol bo‘lishimga undaydi. Men uchun sinfdagi o‘ttiz qora ko‘zning bari bo‘lg‘usi buyuk musavvir, daho… Ularga shunday munosabatda bo‘laman. Birgina «Ustoz, yaxshi chizibmanmi?» degan so‘zidan ilhomlanaman.

Sinfimdagi bir o‘quvchini ko‘pdan beri kuzataman. Mo‘yqalamni qo‘lda tutishiga qarab ham iqtidorini shundoq sezasiz. Dars jarayonida chiziladigan oddiygina rasmni ham xuddi yetuk rassomlardek xayolida pishitib, keyin qog‘ozda aks ettiradi. Ko‘pchilik darsda a’lo baho olish, boshqalardan o‘zib ketish uchun ko‘r-ko‘rona harakat qilib, shoshib ishlaydi. U esa, vazifani keyingi darsda topshirishga ruxsat so‘rab, iltimos qiladi. Yangi san’at asarini ko‘z oldimga keltiraman-da, kutaman — rozi bo‘laman. 

Shu bola deng, bir kuni darsga uyida chizgan rasmlarini olib kelibdi. Tomosha qilib, quvonib ketdim: uncha-muncha nomi chiqqan rassom asarlaridan qolishmaydi!

— Alisher, kelajakda sendan zo‘r rassom chiqadi, — dedim uni ruhlantirish uchun ustozlarimning usulini qo‘llab.

U esa boshini yerga egdi:

— Rassom bo‘lolmayman, — dedi. — Meni do‘xtirlikka o‘qitishmoqchi...

— Shifokorlik yaxshi kasb, ammo o‘zing qiziqasanmi? — dedim shogirdimning ko‘zidagi ma’yuslikdan ezilib.

— Yo‘q... Lekin dadam shuni xohlayapti. Mening davomchim bo‘lasan, deyapti.

— O‘zing kim bo‘lishni xohlaysan?

Savolimni eshitib, ko‘zi porlab ketdi. Men kutgan javobdan o‘zgasi bo‘lishi mumkin emas edi unda. 

Ha... qarshimda xuddi o‘zimniki singari taqdirga duch kelib, qalb amri va ota-ona talabi chorrahasida ikkilanib, boshi qotib turgan yosh iste’dod omonatgina turardi...

O‘sha holatni eslasam, bir gap hadeb miyamda aylanaveradi: biz kattalar bolalarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylaymiz. Yeru ko‘kka ishonmaymiz. Biroq vaqti kelib, ularning orzu-umidlariga, kelajagiga o‘zimiz xiyonat qilayotganimizni anglab yetmaymiz. Hayotda ko‘p kuzatadiganimiz — behafsala, o‘z kasbini sevmaydigan, mas’uliyatsiz, bir so‘z bilan aytganda, «yaroqsiz» xodimlar ko‘payayotgani sababini, ehtimol, uzoqdan izlashimiz shart emasdir. Nazarimda, har bir no‘noqning ortida, taqdirida kimdir «xiyonatchi»: yo ota-onasi, yo yaqinlari. Balki, u sizu bizdirmiz... 

Siz qanday fikrdasiz, aziz mushtariy?

 

Durdona O‘SAROVA,

"Oila davrasida"

Kiritildi: 15:15 02.07.2018. O'qildi: 1558 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik