Savol: Sigaret chekishning hukmi nima?
Javob: Sigaret chekish joiz emas. Chunki uning iste’molga yaroqsiz va nopok narsa ekani barcha sog‘lom aql sohiblari tomonidan e’tirof etilgan. Shuningdek, oyatda nopok narsalarning haromligi va pok narsalarning halolligi ochiq-oydin aytilgan:
“Ular shunday kishilardirki, ummiy (savodsiz) payg‘ambarga — nomini o‘z oldilaridagi Tavrot va Injilda yozilgan holda topishadigan — elchimizga ergashadilar. U payg‘ambar ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni ular uchun halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ulardan yuklarini va ustlaridagi kishanlarini olib tashlaydi (ya’ni islom dinidan avvalgi dinlarda bo‘lgan og‘ir, mashaqqatli ibodatlarni olib tashlab, ularning o‘rniga oson va yengillarini keltiradi). Bas, unga iymon keltirgan, uni ulug‘lab, unga yordam qilgan hamda uning (kelishi) bilan nozil qilingan nurga (ya’ni Qur’onga) ergashgan zotlar — ana o‘shalargina najot topguvchilardir” (“A’rof”, 157-oyat).
“(Ey Muhammad, mo‘minlar) Sizdan o‘zlari uchun nimalar halol qilinganini so‘raydilar. Ayting: “Sizlar uchun barcha pokiza narsalar va yana sizlarning ta’limingizni olgan jonivorlarning – Alloh sizlarga bildirgan narsalardan bildirib qo‘lga o‘rgatgan jonivorlarning (tutib keltirgan ovlari) halol qilindi. Bas, ular sizlar uchun ushlab keltirgan narsalarni yeyaveringlar va (ularni ovga qo‘yib yuborayotganlaringda) Allohning nomini zikr qilinglar! Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Alloh juda tez hisob-kitob qilguvchi zotdir”. (“Moida”, 4-oyat).
Ummu Salama (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisda quyidagilarni o‘qish mumkin: “Rasululloh (s.a.v.) har bir mast qiluvchi va bo‘shashtiruvchi narsadan qaytardilar” (Abu Dovud, 3688-hadis).
Sigaretning zarari tibbiyot tomonidan isbotlangan. Shariat esa zarar isbotlangan narsalarni iste’mol qilishni man qiladi. Shuningdek, zararli narsalarga mablag‘ sarflash ham mol-davlatni isrof qilish hisoblanadi va bu shariatimizda oqlanmaydigan holat sanaladi. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) mol-davlatni zoye qilishdan qaytarganlar (Buxoriy, 6862-hadis; Muslim, 593-hadis). Mashhur tabib va shifokorlar sigaretda nikotin moddasi mavjudligi va bu modda geroin va kokoinda ham borligini ta’kidlaganlar.
Ba’zi insonlar “Sigaret tarkibidagi gudron zararli emas, zarar bersa ham, juda kam miqdorda zarar yetkazadi”, degan fikrlar bilan o‘zlarini oqlashga harakat qiladilar. Lekin bu noto‘g‘ri fikr. Chunki hozirgi zamon tibbiyoti shuni isbotlaganki, sigaretdagi oz miqdordagi gudron moddasi saratonning nodir turlaridan birini paydo qilishga qodir. Bir so‘z bilan aytganda, tamaki mahsulotlari inson sog‘lig‘i uchun xavli bo‘lib, turli kasalliklar, xususan, saraton kasalligini keltirib chiqaradi.
Manba: @islamcenteruz