Bu haqda Associated Press xabar berdi.
27 aprel kuni Shveysariya Federal jinoiy sudi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova ustidan sud jarayonini boshladi. Jarayon 22 mayga qadar davom etishi kutilmoqda", deya xabar bermoqda agentlik.
Ayni paytda Karimova O‘zbekistondagi koloniyada jazo muddatini o‘tamoqda, shu sababli u Shveysariyadagi sudda ishtirok eta olmaydi. Uning advokatlaridan biri Greguar Manja hamkasblari bilan birga o‘z mijozining “to‘liq va so‘zsiz oqlanishiga” harakat qilishini bildirdi.
Shveysariya prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan ayblovlarni 2023 yil kuzida e’lon qilgan. Qayd etilishicha, u bir necha o‘nlab shaxslar va ko‘plab kompaniyalarni o‘z ichiga olgan “Ofis” nomli jinoiy guruhni tuzgan va unga rahbarlik qilgan. U Shveysariya va boshqa mamlakatlarda yuzlab million dollarlik “kelib chiqishi jinoiy” mablag‘larni joylashtirishda, shuningdek, noqonuniy yo‘l bilan olingan naqd pullar, zargarlik buyumlari va boshqa boyliklarni saqlashni tashkil qilishda ayblanmoqda.
O‘zbekistonda Karimovaga nisbatan 2013 yilda o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2015 yilda birinchi ish bo‘yicha unga besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan, 2017 yilda esa ikkinchi ish bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, 2020 yil mart oyida Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani til biriktirish, tovlamachilik, o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, pul yuvish va boshqa jinoyatlarda ayblab, 13 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.