Sababi ravshan. Shimoliy Koreya fuqarosiga mamlakat ichkarisidagi hayot haqida so‘zlash qat’iyan taqiqlangan. Agar hukumat rahbarlari qaysidir fuqaro xorijdan kelgan jurnalistga o‘z hayoti haqida haqiqatni so‘zlab berganidan xabar topsa, tamom, u uzoq muddatga qamaladi, yoki qal etiladi, yoki bo‘lmasa uchta avlodi navbatma-navbat turmalarda jazo muddatini o‘taydi. Shuning uchun muxbirdan ikki suhbatdosh ismi-sharifi, yashash manzilini oshkor etmaslikni so‘rashdi. Muxbir va’da berdi.
— Bizning mamlakatda, — dedi ismi-sharifi o‘zgartirilgan ayol Sun Xi. — Kim Chen In iloh darajasida ko‘riladi. Uning haqiqatan ilohligiga shubha qilishga haqqimiz yo‘q. Bu fikrni qarsaklar bilan qabul qilishimiz talab etiladi. Shimoliy Koreya hukumat rahbarlari Kim Chen In hamma narsani bilishi, bilimdon, tadbirkor va adolatli hukmdor ekanini deyarli har kuni biz fuqarolarga uqtirib, singdirib charchashmaydi...
O‘zining aytishicha, Sun Xi xonim jurnalistlarga o‘z mamlakati, Kim Chen In haqida gapirib berib katta xavfni bo‘yniga olayotgan ekan. Bilib qolishsa, uni yo uzoq muddatli qamoq, yo o‘lim kutishi tayin ekan. Qamoqxonalarda esa qiynoqlar, kaltaklashlar, nomusga tegish orqali jazolashlar aristonni holdan toydiradi. O‘limga hukm etmasalar-da, shu qiynoq va marazliklar dastidan baribir o‘lib ketadi.
— Kim Chen Inni fuqarolarimiz juda ko‘p tanqid ostiga olishadi, — davom etdi Sun Xi. — U katta biznes bilan shug‘ullanadi. Bizning halol ishlab topgan pullarimizni tortib oladi. Tortib olish uchun hukumatning ming xil ayyorona usullari bor.
«AMERIKA BIZNI BIR-BIRIMIZDAN AYIRDI...»
Sun Xi eri va ikki qizi bilan ahillikda yasharkan. Ular bozorda savdo yaxshi bo‘lgan paytlar kuniga uch mahal ovqat tanovul qilishadi. Savdoning mazasi qochsa, faqat guruch hamda makkajo‘xori doni bilan cheklanishga majbur bo‘lishadi. U savdo qilayotgan bozorda savdogarlar ovqatdan tortib kiyim, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan jihozlarni sotishadi. Shunday bozorlar taxminan 5 milliondan ortiq odamni boqadi. Oziq-ovqat mahsulotlarining eng kerakli turlari do‘konlarda kartochka asosida sotiladi. Ammo Sun Xi sira noshukrlik qilmasligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Bu ayolning aytishicha, Kim Chen In kim bo‘lishidan, qanday shafqatsiz yurtboshi bo‘lishidan qat’i nazar bozorlarga tegmay qo‘ydi. Keyingi oylarda aholiga kengroq yo‘l ochib berdi. Demak, o‘tgan asrning 90- yillaridagi ocharchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Axir, o‘shanda ochlikdan Shimoliy Koreyaning bir millionga yaqin aholisi o‘lib ketgandi-da!..
— Bozorlar keyingi vaqtlarda g‘iybatning uyasiga aylangan, — hikoyasini davom ettirdi Sun Xi. — O‘sha yerda yaqinda Amerika prezidenti bizning mamlakatga tashrif buyurishi mumkinligini eshitib qoldik. Ochig‘i, biz Amerika prezidentini ham, bu mamlakatni ham tanimaymiz. Lekin hammamiz Amerikani yomon ko‘ramiz. Sababi, shu davlat bizni janublik millatdoshlarimizdan ayirdi. Bir-birimizga bizlarni yovlashtirib qo‘ydi...
Ha, yana bir gap, yaqindan beri hukumatimiz rahbarlari janublik qo‘shnilar bilan qayta do‘stlashishimiz zarurligini uqtira boshlashdi. Shaxsan Kim Chen Inning o‘zi ham shuning tarafdori emish...
Yana aytishdiki, agar hayotimiz yanada to‘kin bo‘lishini istasak, Amerika bilan ham do‘st tutinishimiz lozim ekan.
ENDI ODAMLAR YO‘QOLMAYAPTI...
Muxbir Shimoliy Koreya armiyasi harbiylaridan biri Chol Xoni ham suhbatga tortdi. Harbiy aytdiki, mamlakat ichkarisida odamlar kundalik hayotdan nolishgani nolishgan.
— Mana shunday noroziliklar natijasida aytilgan gaplar, — dedi Chol Xo. — Yaqin-yaqinlarda ham qandaydir yo‘llar bilan hukumat rahbarlarining qulog‘iga yetib qolardi. Ular esa gapirganni bir zumda topishardi. Keyin o‘sha odam izsiz g‘oyib bo‘lardi. Shubhasiz, bu fuqaro intizom kuchaytirilgan koloniyaga tashlanadi. U yerda odam chiday olmas darajadagi qiynoqlarga mahkum etiladi. O‘ziga o‘zi qabr kovlashgacha majburlashadi. Jazo sifatida yana mahbusning nomusini poymol qilishadi. Shunday koloniyalarning har birida o‘rtacha 20 ming nafardan mahbus saqlanadi. Shukrki, keyingi oylarda izsiz yo‘qolib qoladiganlar soni keskin kamaydi. Hukumatimiz rahbarlariga insof kirgani rost bo‘lsin...
PASTDAGI SHAHARDAN KELTIRILGAN MELODRAMA
Chol Xo televideniye, kino masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. U aytdiki, televideniye orqali faqat Shimoliy Koreya telekanallari tomonidan tayyorlangan ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi. Basharti kimdir chetdan kontrabanda yo‘li bilan film olib kirsa, u kamida 10 yil muddatga qamalib ketadi. Shimoliy Koreya hukumati xorij filmlariga qarshi shafqatsiz kurash olib boradi. Shunda ham baribir yo‘lini qilib fleshkalarda filmlar olib keladiganlar ko‘p. Biroq xorij filmini yarim tunda, televizor ovozini nihoyatda pastlatgan holda ko‘rish lozim...
Chol Xoning tan olib aytishicha, umri bino bo‘lib xorijlik odamni jonli tarzda ko‘rmagan. Faqat Shimoliy Koreyaliklarnigina ko‘rib o‘rgangan ekan. Dunyoda qanday gaplar, odamlar qanday yashashi haqida umuman ma’lumotga ega emaskan. Qanday dahshat!..
— Bizda kundalik hayot og‘ir kechsa-da, — dedi Chol Xo. — Baribir Shimoliy Koreya fuqarolari bir-biridan yaxshi. Ilgari shu hayotga ortiq chiday olmaganlar yo‘lini qilib Janubiy Koreyaga qochib o‘tardi. Bu bilan hayotini xavf ostiga qo‘yardi. To‘g‘ri-da, qo‘lga tushganlar shafqatsizlarcha o‘ldirib yuborilardi. Hozir janubga qochadiganlar kamaydi. Mabodo kimdir janubga o‘tib kelsa, undan qayerga borganini so‘rashsa, «Pastdagi shahardan keldim» deb qo‘ya qoladi. Bu asosan kontrabanda bilan shug‘ullanuvchilarga xos javob. Nega deganda, faqat o‘shalargina tez-tez oilasini, o‘z hayotini xavfga qo‘ygan holda tavakkal qiladi, Janubiy Koreyaga chegarachilarni chalg‘itib o‘tadi-yu, bekitiqcha biznesini davom ettiraveradi. Ishqilib, janubliklar bilan endi-endi uyg‘ona boshlagan do‘stligimizga ko‘z tegmasin! Hukumat rahbarlariga insof bersin!
tut. by