Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida poyoniga yetib borayotgan "Superbet Chess Classic Romania" turnirida 10 nafar shaxmatchi ishtirokidagi musobaqaning to‘rtinchi kunida ham tomonlar murosa yo‘lini tanladi.
Kecha o‘tkazilgan 8-turda Nodirbek Abdusattorov ruminiyalik Bogdan-Danyel Dyak bilan oq donalarda kuch sinashdi.
Deyarli olti soat davom etgan o‘yinda Abdusattorov g‘alabaga yaqin keldi. Biroq musobaqa nizomiga muvofiq belgilangan vaqt imkoniyatidan foydalana olmaslik oqibatida tomonlar durangga imzo chekdi.
Bugun, 5 iyul kuni xalqaro turnirning so‘nggi turida hamyurtimiz qora donalarda tajribali Yan Nepomnyashiy bilan ro‘baro‘ keladi.
To‘rt kunlik duranglar vaziyatida AQSh vakili Fabiano Karuana 5 ochkoga ega bo‘lgan holda yetakchilikni davom ettirayotgan bo‘lsa, Dommaraju Gukesh, Alirizo Firuzja va Rameshbabu Praggnanandha 4,5 ochko bilan uni taqib etmoqda.
Bugun o‘tkaziladigan 9-tur o‘yinlarida Anish Giri – Fabiano Karuana, Uesli So – Dommaraju Gukesh, Bogdan-Daniyel Dyak – Rameshbabu Praggnanandha kuch sinashadi.
Aynan ushbu tur g‘olibni aniqlash bilan birga 359 ming AQSh dollarining o‘rinlar o‘rtasidagi taqsimotida kimlarga qancha miqdori nasib etishiga ham oydinlik kiritadi.