Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev qanday muhim tashabbuslarni ilgari surdi?  

Shavkat Mirziyoyev qanday muhim tashabbuslarni ilgari surdi?  

Prezident har yili a’zo mamlakatlar shaharlaridan birini SHHTning turistik va madaniy poytaxti deb e’lon qilishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining keng doiradagi muzokaralari davomidagi nutqida mintaqaga doir dolzarb masalalarga e’tibor qaratib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar bildirdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

U jahon bozorida raqobat keskinlashib, ekologik va demografik muvozanatsizlik yuzaga kelayotgani, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilik xavfi saqlanib qolayotganini qayd etdi.

"Bugun xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashgan siyosat yuritish, mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar shakllantirish muhim", - degan Shavkat Mirziyoyev.

Markaziy Osiyodagi barqarorlik va ochiqlik keng hamkorlik hamda muhim mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratayotgani ta’kidlandi. "O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy" temir yo‘li qurilishi shunday muhim loyihalardan biri bo‘lib, savdo aloqalari va investisiya oqimiga kuchli turtki beradi.

Mintaqaviy xavfsizlik masalasiga e’tibor qaratar ekan, Prezident bu ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liq ekanini qayd etdi. Ushbu sammit doirasida «SHHT - Afg‘oniston» muloqot guruhining «yo‘l xaritasi» qabul qilinishi, ushbu mamlakatning mintaqaviy hamkorlikka faol jalb etilishi muhimligini ta’kidladi.

«Aqlli» qishloq xo‘jaligi va agroinnovasiyalarni tatbiq etish sohasiga doir konsepsiya ishlab chiqish, resurs tejaydigan va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida SHHTning «yashil belbog‘i» dasturini qabul qilish taklifi bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev xalqlarimizning tarixiy-madaniy merosi targ‘ibotini kuchaytirish, turizm salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish muhimligini ta’kidlar ekan, har yili a’zo mamlakatlar shaharlaridan birini SHHTning turistik va madaniy poytaxti deb e’lon qilishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari SHHT doirasida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, yashil texnologiyalarni joriy etish, axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni mustahkamlashga doir takliflar bildirdi.

Kiritildi: 16:29 14.06.2019. O'qildi: 2069 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!