Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev: “Maktablar uchun mablag‘ni ayamaymiz!”

Shavkat Mirziyoyev: “Maktablar uchun mablag‘ni ayamaymiz!”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz yig‘ilishda maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritar ekan, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir” degan fikrini alohida ta’kidlab, bu masalaning mohiyati va ahamiyatiga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

“Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz. Maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablag‘ni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bog‘liq”, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan tamoyilga asoslangan holda, milliy g‘oya va uning mafkuraviy negizlarini puxta ishlab chiqish, yosh avlodni bolalikdan milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

“Maktab bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning o‘zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak", dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Videoselektorda xalq ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, muammolarni kompleks hal etish masalalari chuqur tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 apreldagi farmoniga muvofiq, Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilandi.

Davlatimiz rahbari o‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

“Maktab o‘qituvchisini moddiy rag‘batlantirmasak, uning hayot sifati darajasini oshirmasak, islohot, natija haqida gapira olmaymiz”, dedi Prezident.

Yig‘ilishda pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari faoliyatini tanqidiy o‘rganib, takomillashtirish, ularni eng nufuzli ta’lim muassasalariga aylantirish, pedagoglikka moyilligi bo‘lgan yoshlarni maqsadli tarbiyalab borish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Maktablardagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish zarurligi qayd etildi. Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkarda ajdodlarimizning nomlarini berish muhimligi ta’kidlandi.

Maktab hayoti, fidoyi o‘qituvchilar haqida badiiy va hujjatli filmlar, spektakl va videoroliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

“Moddiy va ma’naviy hayotni uyg‘un rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy bo‘g‘in bo‘lishi lozim. Maktab ta’limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur”, deb uqtirib o‘tdi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda ishtirok etgan rahbar va mutasaddilar, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan tajribali va fidoyi muallimlar, ziyolilar, mahalla faollari muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. 

Kiritildi: 07:22 24.08.2019. O'qildi: 2889 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!