O‘zbekiston Prezidenti “BMT Turizm” rahbari bilan sayyohlik sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan “BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novaysni qabul qildi.
O‘zbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashgan muassasasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashkilot rahbari O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi. Sayyohlik infratuzilmasini modernizasiya qilish va xizmatlarni diversifikasiya qilish bo‘yicha izchil choralar amalga oshirilmoqda. Aviaqatnovlar geografiyasi kengaymoqda, yangi muzeylar tashkil etilmoqda, yirik madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
So‘nggi 8 yilda yurtimizga kelgan sayyohlar soni 6 barobar ko‘payib, qariyb 12 million nafarga yetgani alohida qayd etildi. 2030 yilga qadar ularning sonini 20 millionga, turizmning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini esa 7 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va “BMT Turizm” o‘rtasidagi hamkorlik jadal sur’atda rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi. 2023 yilda Samarqand shahrida Tashkilot Bosh Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi, yaqinda esa “Ipak yo‘lida turizm” mavzusidagi ofisning ochilishi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2027 yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyasi qabul qilindi.
Suhbat chog‘ida tomonlar sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, sayyohlik sohasida xalqaro huquqiy bazani takomillashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlik va texnik hamkorlikni kengaytirish, turizm sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash niyatida ekanini qat’iy tasdiqladilar.