Seul AQSH-Yaponiya savdo bitimini diqqat bilan o‘rganmoqda.
Bu haqda Janubiy Koreya sanoat, savdo va energetika vaziri Kim Chen Kvan amerikalik hamkasblari bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Vashingtonga uchishi oldidan jurnalistlarga ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Reuters agentligi.
Janubiy Koreya avtomobil ishlab chiqarish va po‘lat kabi muhim tarmoqlarda Yaponiya bilan raqobatlashadi. Shu munosabat bilan Vashington va Tokio o‘rtasida tuzilgan kelishuv Seulga bosimni kuchaytiradi – mamlakat 25 foizlik bojlar joriy qilinmasligi uchun 1 avgustgacha AQSh bilan kelishuvga erishmoqchi.
AQShga uch kunlik safari davomida Kim Chen Kvan Donald Tramp ma’muriyatining bir qancha yuqori martabali amaldorlari, jumladan, AQSh savdo vaziri Xovard Latnik, energetika vaziri Kris Rayt va ichki ishlar vaziri Duglas Burgum bilan uchrashadi.
Janubiy Koreya bir necha oy davomida AQSh bilan keng ko‘lamli savdo masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Seul tariflar bo‘yicha kelishuvga erishish, shuningdek, energetika, kemasozlik, yarimo‘tkazgichlar va akkumulyatorlar kabi strategik sohalarda hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda.