Internet tarmog‘ida bir guruh erkaklar janjalining vidoyozuvi tarqamoqda.
Mazkur fakt bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz. 16 iyul kuni soat 19.09 da 102 raqamiga Sergeli tumani Yangi Choshtepa massivi qurilish maydonchasining yopiq hududida bir nechta erkaklar o‘rtasida janjal yuzaga kelgani haqida xabar kelib tushdi. Voqea joyiga mazkur tuman IIO FMB xodimlari yetib kelishdi. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan aniqlanishicha, janjal 28 yoshli qashqadaryolik O‘lmasbek M. va andijonlik 30 yoshli Mansurbek K.lar o‘rtasida, qurilish asboblari sababli yuzaga kelgan. Janjalga boshqa ishchilar ham qo‘shilganlar.
Hozirgi vaqtda ularning shaxslari aniqlanmoqda. Kelishmovchilik natijasida hech kimga badan shikastlari yetmagan. Shu bilan birga, hodisa tafsilotlarini aniqlash uchun Sergeli tumani IIO FMB tomonidan tergovoldi tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Tekshiruv natijasiga ko‘ra hodisaning barcha ishtirokchilarining hatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi. Qurilish ob’ekti ishchilari bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.