Bloger Muslim Mirzajonov 21 iyun — Selfi kuniga bag‘ishlab, yozgan "Selfiparast etding mani" radifli g‘azalini teletomoshabinlar, yo‘g‘e, o‘quvchilar e’tiboriga havola qilmoqda.
Bu kun kangulda ne murod, gurlar gumonlar gulxani,
Aytgin, nechun, «dilifonim», selfiparast etding mani?
Qayon borsam, telbavordek selfiga rakurs izladim,
Topsam, yayrar tanu jonim, selfiparast etding mani.
Yurib tushdim, turib tushdim, har maqomga yo‘rg‘alabon,
Qolmadi hech bir imkonim, selfiparast etding mani.
To‘yu to‘ychiq, marakalar, azalarda hech tinmadim,
“Selfiya”ga to‘la onim, selfiparast etding mani.
Pitbolchimi, mashshoqmi u, shoiru xofiz mubtalo,
Voh, ne dardga to‘ldi qonim, selfiparast etding mani.
Yo‘lda tushdim, rulda tushdim, so‘ng GAIda qo‘lga tushdim,
Kuydi rosa xonu monim, selfiparast eting mani.
Oshpaz tushar sho‘rva birlan, gado tushar to‘rva birlan,
Sochdin boshlab to tovonim, selfiparast etding mani.
Uch savdoi temir yo‘lda selfi chog‘i xazon bo‘ldi,
Shokka tushdi Hindistonim, selfiparast etding mani.
Bu ne savdo, bu ne hasrat, kechmoqqa bormu choralar,
Ey, ayfonu smartfonim, selfiparast etding mani.
Tog‘u toshlar hamroh o‘ldi, qolmadi hech kasu nokas,
Xolim rasvo, yarim nonim, selfiparast etding mani.
Ayo, Muslim, bu dardimni yetkur o‘shal “ishq axli”ga,
Oyda tushsam yo‘q armonim, selfiparast etding mani.
Manba: uz24.uz