“The Earthwatch institute” olimlari asalarilarni sayyoradagi eng muhim tirik jonzot ekanligini ma’lum qilishdi. Ular, shuningdek, arilar allaqachon yo‘qolib ketish xavfi ostidaligini e’lon qilishdi.
Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, asalarilar dunyo bo‘ylab 90% gacha kamaydi. Bu holatning sabablari mintaqalarda turlichadir. Ammo asosiy sabab qilib o‘rmonlarning yo‘qolishi, ari uyalari uchun xavfsiz joylarning yo‘qligi, gullarning yetishmasligi, ekinlarni zararkunandalardan himoyalashda nazoratsiz kimyoviy moddalardan foydalanish, tuproq tarkibidagi o‘zgarishlarni ko‘rsatish mumkin.
Arilarning sayyoramizdagi eng muhim jonzot ekanligining boisi nima?
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, asalarilar kasallik tarqatmaydigan sayyoramizdagi yagona jonzot. Kasallik virus yoki bakteriya ko‘rinishida bo‘lsa ham, arilar ularni tashuvchi hisoblanmaydi.
Dunyo qishloq xo‘jaligining 70 foizi ushbu hashoratlarga bog‘liqdir. Misol qilib aytadigan bo‘lsak, 100 ta oziq-ovqat maxsulotining 70 tasi asalarilar sharofati bilan vujudga keladi.
Shuningdek, asalarilarning changlatishi o‘simliklarning ko‘payishiga imkon beradi, ulardan millionlab hayvonlar oziqlanadi. Arilarsiz o‘simliklar dunyosi tez fursatda yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
Asalarilar tomonidan ishlab chiqarilgan asal oziq-ovqat mahsuloti bo‘libgina qolmay, balki sog‘lig‘imiz va terimizga ko‘p foyda keltiradi. Albert Eynshteyn: «Agar arilar qirilib ketishsa, odamlar 4 yilgina yashashi mumkin, xolos” degan edi.
Arilarning qirilib ketishiga sabablar nima?
Shvesariya Federal Texnologiya Instituti mobil telefonlardan chiqadigan to‘lqinlarni ayblovchi nazariyani ilgari surmoqda. Unga ko‘ra, arilar qo‘ng‘iroq paytida chiqadigan to‘lqinlar tufayli o‘z yo‘nalishlarini yo‘qotadilar va bu ularning yo‘l topish qobiliyatlarini yo‘qotishlariga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ularning hayotlari xavf ostida qoladi. Tadqiqotchi va biolog Daniyel Favr boshqa tadqiqotchilar bilan birgalikda 83 ta tajriba o‘tkazdi. Ularda asalarilarning telefon to‘lqinlari mavjudligida odatdagidan o‘n baravar yuqori shovqin chiqarishi aniqlandi. Bu boshqa asalarilarga xavf mavjudligi va uyani tark etish kerakligi haqidagi ogohlantirishdir.
Shubhasiz, arilarning yo‘q bo‘lib ketishining asosiy sababi – ekinlarni himoyalashda doimiy ravishda kimyoviy moddalardan foydalanishdir. Kolumbiyani bunga misol qilib keltirish mumkin, bu yerda so‘nggi uch yil davomida asalarilarning 34 foizi agrotoksinli zaharlanish natijasida nobud bo‘lgan.
Bu muammoni qanday hal qilish mumkin?
Haqiqatan, bu muammoni hal qilishning yo‘llari mavjud. Lekin, ularni amalga oshirish juda qiyin. Ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligida bir qancha usullar amalga oshiriladiki, ularni o‘zgartirish deyarli imkonsiz.
Biroq olimlar uchta ishni amalga oshirish bilan bu muammoni bartaraf etish mimkin deyishadi:
* Zaharli pestisidlardan foydalanishni butunlay taqiqlash;
* To‘liq tabiiy qishloq xo‘jaligiga o‘tish;
* Asalarilarning sog‘lig‘i, farovonligi va saqlanishini doimiy ravishda nazorat qilish.
Kolumbiya Savdo palatasi vakili Luchiano Grisales: «Arilar boshidan kechirayotgan bu muammolar odamzodning tabiiy resurslardan foydalanishda o‘zgarishlar qilishi kerakligini ko‘rsatadi. Arilar va boshqa changlatuvchilarni himoya qilish va ko‘paytirishning strategik mohiyatini anglash juda muhimdir. Chunki 10 yil ichida bunday qilmasak Kolumbiyadagi arilar batamom yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Bu mamlakatda oziq-ovqat taqchilligi va sog‘liqni saqlash inqiroziga olib keladi”, deb fikr bildirdi.