Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Savdo-sotiqdagi eng og‘ir gunohlar

Savdo-sotiqdagi eng og‘ir gunohlar

Yolg‘on qasam ichish.

– Savdo molini o‘tkazish uchun yolg‘on qasam ichish eng katta gunohlardan biridir.

َنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: «الْحَلِفُ مُنْفَقَةٌ لِلسِّلْعَةِ، مَمْحَقَةٌ لِلْبَرَكَةِ». رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ. وَلِمُسْلِمٍ: «إِيَّاكُمْ وَكَثْرَةَ الْحَلِفِ فِي الْبَيْعِ، فَإِنَّهُ يُنَفِّقُ ثُمَّ يَمْحَقُ».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qasam ichish savdo molini o‘tkazuvchi, barakani o‘chiruvchidir», dedilar».

Buxoriy, Muslim va Abu Dovud rivoyat qilishgan.

Muslimning rivoyatida:

«Savdoda ko‘p qasam ichishdan ehtiyot bo‘linglar, chunki u o‘tkazadi va o‘chiradi», deyilgan.

Ba’zi bir savdogarlar o‘z molini o‘tkazish maqsadida yolg‘on gapiradilar, hatto qasam ham ichadilar. Ba’zi xaridorlar uning qasamiga ishonib, molini sotib oladi. Haligi savdogar savdoim yurishdi, deb xursand bo‘ladi. Aslida esa yolg‘on gapirgani, yolg‘on qasam ichgani uchun molining barakasi o‘chadi. Miqdori ko‘payganga o‘xshagani bilan barakasi bo‘lmaydi. Foydasi kamayadi. Hatto boshqa tomondan balolar ham yetadi.

Shuning uchun savdogar rostgo‘y bo‘lishi kerak, qasam ichib, molini o‘tkazishga urinmasligi lozim. Rostgo‘ylik bilan, birovni aldamasdan qilingan savdoda baraka bo‘ladi, egasiga yuqadi, foyda beradi.

Aldamchilik.

 – Savdoda odamlarning ko‘zini bo‘yash, aldamchilik kabi ishlar ham haromdir.

وَمَرَّ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم بِرَجُلٍ يَبِيعُ طَعَامًا، فَسَأَلَهُ: «كَيْفَ تَبِيعُ؟» فَأَخْبَرَهُ، فَأُوحِيَ إِلَيْهِ أَنْ أَدْخِلْ يَدَكَ فِيهِ، فَأَدْخَلَ يَدَهُ، فَإِذَا هُوَ مَبْلُولٌ، فَقَالَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم: «لَيْسَ مِنَّا مَنْ غَشَّ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَمُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَلَفْظُهُمَا: فَقَالَ: «مَا هَذَا، يَا صَاحِبَ الطَّعَامِ؟» قَالَ: أَصَابَتْهُ السَّمَاءُ يَا رَسُولَ اللهِ، قَالَ: «أَفَلَا جَعَلْتَهُ فَوْقَ الطَّعَامِ كَيْ يَرَاهُ النَّاسُ»، ثُمَّ قَالَ: «مَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنِّي».

 

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam taom sotayotgan odamning oldidan o‘tayotib: «Qanday sotyapsan?» deb so‘radilar. U xabar berdi. Shunda u zotga: «Qo‘lingni u(taom)ning ichiga kirgiz», deb vahiy qilindi. U zot qo‘llarini kirgizsalar, ho‘l ekan. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim aldasa, bizdan emasdir», dedilar». 

Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan. Muslim va Termiziyning lafzida: «U zot: «Ey taom egasi, bu nimasi?!» dedilar. «Yomg‘ir tekkan edi, ey Allohning Rasuli», dedi. «Odamlar ko‘rishlari uchun buni taomning ustiga qilsang bo‘lmasmidi?! Kim aldasa, mendan emas!» dedilar», deyilgan.

Ushbu hadisi sharifdagi taom deb nomlangan va savdoga qo‘yilgan mol bug‘doy bo‘lib, unga osmondan tushgan yomg‘ir tegsa, shishib, og‘ir bo‘lib qoladi. Shuning uchun sotuvchi o‘lchovda botil yo‘l bilan foyda ko‘radi. Ikkinchidan, yomg‘ir tekkan bug‘doyni saqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun bunday maxsulotlarni aybini aytmay sotish aldamchilik hisoblanadi.

Ushbu hadisdan savdo-sotiq borasida bir qancha foydalar olinadi:

1. Islom dini savdo-sotiq, iqtisodiy ishlarda ham o‘z ta’limotlariga ega ekani.

2. Mas’ul kishilar savdo-sotiq ishlari shariatga muvofiq borishini kuzatib turishi lozimligi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so‘rashlari va qo‘llarini solib, tekshirib ko‘rishlari shuni ko‘rsatadi.

3. Savdo molida ayb bo‘lsa, uni xaridorga aytish yoki ko‘rsatish lozimligi. Aybini ko‘rib, bilib turib olsa, o‘zining ishi.

4. Savdoda aldamchilik qilish savdogarni musulmonlik doirasidan chiqarishi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Bizdan emasdir», deganlari «Mening dinimda emas», deganlaridir.

Endi bugungi katta-kichik savdogarlarning qilayotgan ishlariga bir nazar solaylik.

Savdoning qaysi turi bo‘lsa, hammasida xaridorni yaxshilab aldash uslubi ishlab chiqilgan. Sotuvchining nima qilib bo‘lsa ham xaridorni aldab, molini o‘tkazib olishdan boshqa tashvishi yo‘q.

Bunda ko‘rgazmaga yaxshi, sifatli molni qo‘yib, yomonini tortib yoki o‘lchab berish eng oson uslub.

Avvalgilarga o‘xshab, «Yomg‘ir tegib qolgan edi», de­yish qayoqda, ziroat mahsulotini bozorga olib chiqish uchun uzib yoki terib olishdan oldin, tomiridan suv ichib, to‘yib olgunicha ataylab suv qo‘yiladi. Mahsulot tarozi bosadigan bo‘lganidan keyingina bozorga olib chiqiladi. Bunday mahsulotni yegan odamning esa mazasi qochishi shubhasiz.

Bozorda sherigining shirin anorini so‘yib, ko‘rgazmaga qo‘yib, o‘zining achchiq anorini pullaydiganlarga juda ko‘pchiligimiz aldanganmiz.

Ozg‘in qo‘yning oyog‘idan teshik ochib, nasos bilan ichiga havo puflab shishirib sotishar ekan. O‘sha qo‘yni bozordan sotib olib kelib, qo‘yxonaga qamab qo‘yib, bir piyola choyni ichib bo‘lib qarasa, qo‘yning puchayib yotganidan fig‘oni falakka chiqqan xaridorlarning hasratlariga sherik bo‘lganlar ham oramizda yo‘q emas.

Qo‘yingki, bozor hech bir inson bolasining aqliga sig‘maydigan hiyla-nayrang, aldov, qalloblik kabi illatlarning uyasiga aylangan. Ushbu narsalarni kasb qilib olgan aldamchilar o‘zini musulmonman, deb atashga, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatidanman, deyishga haqlari bormikan?!

Alloh taolodan qo‘rqish, aldamchilikni tashlash kerak. Aldamchilik bilan topilgan mol-dunyo harom bo‘ladi, egasiga yuqmaydi, boshiga bitgan balo bo‘ladi. Eng asosiysi, Alloh taolodan qo‘rqmagan, aldamchilikni o‘ziga kasb qilib olgan kimsa qiyomatda sharmanda bo‘ladi.

O‘lchovdan urib qolish.

 – Tarozidan va o‘lchovdan urib qolish mutlaqo haromdir. 

Alloh taolo Mutoffifun surasida marhamat qiladi:

«Vayl bo‘lsin o‘lchovdan urib qoluvchilarga. Ular odamlardan narsa o‘lchab olsalar, to‘liq olarlar. Va agar ularga o‘lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar» (1-3-oyatlar).

«Vayl» so‘zining ikki xil ma’nosi bor, biri «Voy bo‘lsin», ikkinchisi esa do‘zaxning nomlaridan biri «Vayl», ya’ni «O‘lchovdan urib qoluvchilarga Vayl do‘zaxi bo‘lsin» deganidir.

Aslida bu ikki ma’no bir-birini to‘ldirib keladi: «Vayl»ga tushgan odamning holiga voy bo‘ladi, holiga voy bo‘lgan odam «Vayl»ga tushadi.

Islom o‘zining dastlabki kunlaridan boshlaboq, birovning haqqini haromdan yeyishga qarshi qattiq urush ochgan. U o‘lchovdan oz-oz urib qoluvchilarning ham do‘zaxga tushib, holi voy bo‘lishini e’lon qilgan. Qur’oni Karim bu masalani ushbu surai karimadan boshqa suralarda ham ko‘targan. Xususan, Shua’yb alayhissalom qissasida u zotning qavmlarining eng katta aybi o‘lchovda birovning haqidan urib qolish ekani takror-takror ta’kidlangan. Har safar shu haqda so‘z ketganda, Alloh taolo o‘sha qavmni mazkur aybi uchun halok qilgani ham takrorlangan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa o‘z hadisi shariflarida oyati karimalarning ma’nolarini ta’kidlaganlar. Jumladan, imom Hokim va Tabaroniy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot sollallohu alayhi vasallam: «O‘lchovdan urib qolmaslar. Nabototdan man qilinurlar va qahatchilik ila tutilurlar», – deganlar. Bu «O‘lchovda birovning haqidan urib qolish bilan mashg‘ul bo‘lgan qavmning yurtidan baraka ko‘tarilib, ocharchilikka duchor bo‘lurlar» deganidir.

Birinchi oyatda o‘lchovdan urib qoluvchilarga beriladigan jazo e’lon qilib bo‘linganidan so‘ng, endi keladigan oyatlarda ular mazkur qabih ishni qanday shaklda olib borishlari vasf qilinadi.

«Ular odamlardan narsa o‘lchab olsalar, to‘liq olarlar. Va agar ularga o‘lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar».

Ha, o‘lchovda urib qoluvchilar asosan olibsotar savdogarlar bo‘ladilar. Ular savdogarliklarini halollik, poklik bilan qilsalar, eng barakali kasbni qilgan bo‘lar edilar, ko‘p foyda topar edilar. Ammo ular ochko‘z, yebto‘ymas shaxslarga aylanib qolganlar. Shuning uchun savdodan tushgan foydani yeb to‘ymasdan, o‘lchovdan ham urib qolib – yalab to‘ymoqchi bo‘ladilar.

Ular kishilardan narsa o‘lchab olayotganlarida zarracha ham kamaytirmasdan, iloji bo‘lsa, bir oz ortig‘i bilan o‘lchab olishga urinadilar. O‘zlari birovga o‘lchab yoki tortib berganlarida esa kamaytirib beradilar. Ana o‘shalar shu yo‘l bilan foyda ko‘rmoqchi bo‘ladilar. Kishilarga sezdirmay, oson yo‘l bilan molu mulk kasb qilmoqchi bo‘ladilar. Ehtimol, ular bu besh kunlik ­dunyoda qo‘lga tushmay, qilgan jinoyatlarining jazosini tortmay, qutulib ketarlar. Ammo...

«Ana shular albatta qayta tiriltirilishlarini o‘ylamaydilarmi?» (4-oyat)

Qayta tiriltirilganlarida ham...

«Buyuk bir Kunda» (5-oyat).

Qayta tiriltirilurlar.

 «U Kunda odamlar olamlar Robbi huzurida tik turarlar» (6-oyat).

Ha, barcha xaloyiq albatta qayta tiriltiriladigan kun Ulug‘ Kundir. U kunda odamlar Robbul olamin huzurida tik turib, bu dunyoda qilgan zarracha amallari haqida ham hisob-kitob beradilar. Ana shunda bu dunyoda o‘lchovdan urib qolganlar nima qiladilar? «Nima uchun falon kuni o‘lchov paytida Pistonchining haqidan buncha narsani urib qolding?» deb so‘ralsa, nima deb javob berishlarini o‘ylab ko‘rmaydilarmi?! Ana o‘shanda vayl – do‘zaxga tushib, hollariga voy bo‘lishini o‘ylab ko‘rmaydilarmi?!

Yuqoridagi oyatlarda savdoda kishilar haqidan urib qoluvchi firibgarlar haqida so‘z yuritildi. Tarozimi, metrmi yoki boshqacha o‘lchovmi – baribir, ular kishilardan narsa olayotganlarida to‘liq, balki ortiqcha oladilar, ammo xaridorlarga o‘lchab berayotganda kam beradilar. Ular bu ishni qiyomatdan qo‘rqmaganlaridan qiladilar. Shuning uchun ham kelasi oyatlarda ish ular o‘ylaganlaridek emas, balki boshqacha bo‘lishi, har bir narsaning aniq hisob-kitobi borligi bayon qilinadi.

«Yo‘q! Albatta, fojirlarning kitobi «sijjiyn»dadir» (7-oyat).

Yo‘q!!! Unday qilmasinlar! Bu yo‘llaridan qaytsinlar! O‘zlarini o‘nglasinlar! Va bilib olsinlarki, albatta, ular kabi fojirlarning kitobi oxiratda, mazkur odamlar Robbul olamin huzurida tik turib, hisob beradigan Ulug‘ Kunda «sijjiyn»da bo‘ladi.

«Sijjiyn» ne ekanini senga nima bildirdi?!» (8-oyat).

Ya’ni «Sen sijjiyn nima ekanini qayerdan ham bilarding. Uning mohiyati shunday kattaki, sen uni idrok eta olmaysan. Bilib qo‘y!»

«U yozilgan kitobdir» (9-oyat).

«Sijjiyn» lug‘atda «o‘ta tor» degan ma’noni anglatadi. Ushbu oyatning ta’rifidan esa u fojir odamning bu dunyoda qilgan kattayu kichik amallari yozib yurilgan «nomai a’mol» kitobi ekanini bilib olamiz. U kitobda biror narsa, hatto zarra miqdorida bo‘lsa ham, yozilmay qolmaydi. Unga yozilgan narsa esa aslo o‘chirilmaydi. Hammasi to‘laligicha qiyomat kuni bandaning o‘ziga ko‘rsatiladi. Ana o‘shaning asosida banda hisob-kitobga tutiladi. Qiyomat kuni fojirlarning nomai a’mollari «sijjiyn»da bo‘lar ekan. Ularning o‘zlari tor do‘zaxga asfalasofilin bo‘lganlari uchun, ularning kitoblari ham ana shunday vasfga ega bo‘lar, ana shunday joyga qo‘yilar ekan. Bundan barcha kofir, fojir va osiylar kerakli xulosa chiqarib, fursatning borida o‘zlarini o‘nglab olishlari kerak. Qiyomatdan qo‘rqib, unga iymon keltirib, unga tayyorgarlik ko‘rib yashasinlar. U kunni yolg‘onga chiqarsalar bo‘lmaydi.

Hozirgi kunda yuqoridagi oyatlarda kelgan gaplardan bexabar odamlarning savdoda tortish va o‘lchash ishlarida qilayotgan noma’qulchiliklarini ko‘rgan, bilgan odam qo‘rqib ketadi. Ko‘pchilik sotuvchilar har qanday tarozini odamlarning haqidan urib qolishga moslab olish bo‘yicha ustasi farang bo‘lib ketganlar. Shuning uchun ham ba’zi xaridorlar o‘zlari bilan qo‘l tarozisini olib yurishga majbur bo‘ladilar.

O‘lchab sotiladigan narsalardan urib qolishning xilma-xil usullari ishlab chiqilgan. Misol uchun, ellik kilogrammlik qoplarga qirq besh qilogramm narsa solinadi. Savdogar ishlab chiqaruvchi tarafdan to‘liq ellik kilogramm yuk olgan bo‘lsa ham, xaridorga sotishdan oldin maxsus naycha orqali bir necha kilogramm guruch, un, shakar va shunga o‘xshash narsalarni boshqa idishga to‘kib oladi-da, xaridorga ellik kilogramm, deb sotaveradi.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 13:39 05.07.2019. O'qildi: 7054 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!