Saudiya Arabistoni Isroil bilan normallashuv evaziga Vashington bilan mudofaa bo‘yicha keng ko‘lamli kelishuvga intilishdan voz kechdi va endi oddiyroq harbiy hamkorlik kelishuviga erishmoqchi. Bu haqda Reuters Saudiya Arabistoni va to‘rt nafar G‘arb rasmiysiga tayanib xabar qildi.
Yil boshida keng qamrovli o‘zaro xavfsizlik paktini imzolashga intilgan Ar-Riyod keyinroq Falastin davlatchiligi bo‘yicha o‘z pozisiyasini yumshatib, Vashingtonga mojaroni ikki davlat asosida hal etish qirollikning Isroil bilan munosabatlarini normallashtirish uchun asos bo‘lishi mumkinligini yetkazdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa Saudiya Arabistoni bilan aloqalarni normallashtirishni tarixiy bosqich va arab dunyosida kengroq qabul qilinganining belgisi sifatida ko‘radi, deydi G‘arb diplomatlari.
Ammo u 7 oktyabrdagi HAMAS hujumlaridan keyin falastinliklarga yon bossa, ichki qarshilikka duch kelishi va davlatchilikka qaratilgan har qanday ishora uning hukmron koalisiyasini parchalashini biladi, deydi ular.
Ayei paytda, Ar-Riyod va Vashington prezident Jo Bayden yanvar oyida Oq uyni tark etishidan oldin mudofaa bo‘yicha ancha kamtarona kelishuvga erishishga umid qilmoqda, deydi manbalar.
Manbalarning aytishicha, AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi to‘liq huquqli shartnoma AQSh Senati tomonidan uchdan ikki ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullanishi kerak, biroq Ar-roziy Riyod Isroilni tan olmasa, bu imkonsiz.
Hozirda muhokama qilinayotgan yumshoqroq hujjat mintaqaviy xatarlar, asosan, Erondan kelayotgan tahdidlarga qarshi kurashish uchun qo‘shma harbiy mashg‘ulot va treninglarni kengaytirishni o‘z ichiga oladi. Manbalarning ta’kidlashicha, bu Xitoy bilan hamkorlikning oldini olib, Amerika va Saudiya mudofaa firmalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantiradi ham.
Kelishuv Saudiya Arabistonining ilg‘or texnologiyalar, xususan, uchuvchisiz uchoqlarga qarshi mudofaa sohasiga sarmoya kiritishiga yordam beradi. Qo‘shma Shtatlar Ar-Riyoddagi ishtirokini o‘qitish, logistika va kiberxavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash orqali oshiradi, shuningdek, raketaga qarshi mudofaa va integrasiyalashgan to‘xtatib turishni kuchaytirish uchun Patriot raketa batalyonini joylashtirishi mumkin.
Ammo bu AQSh qo‘shinlarini chet el hujumi sodir bo‘lgan taqdirda dunyodagi eng yirik neft eksportchisini himoya qilishga majbur qiladigan majburiy o‘zaro mudofaa shartnomasi bo‘lmaydi.