Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Samarqandlik yigit suvga cho‘kayotgan 3 yashar bolakayni qutqarib qoldi

Samarqandlik yigit suvga cho‘kayotgan 3 yashar bolakayni qutqarib qoldi

Kattaqo‘rg‘on tumanining Jumaboy mahallasi, Jumaboy qishlog‘ida yashovchi 7 yoshli Qilichbek ukasi, 3 yoshli Nishonbek bilan uyidan 750 metrcha uzoqlikdan oqib o‘tadigan ariq yoniga borganda uning qirg‘og‘i sirpanchiq bo‘lgani bois Nishonbek zovurda oqayotgan oqava suvga tushib ketadi va oqa boshlaydi.

Zarnews xabar berishicha, Nishonbekning suvga tushib ketganidan qo‘rqqan akasi nima qilishini bilmay uyi tomon yuguradi. Shu ketishda zovurdan taxminan 500 metrcha uzokliqda yumush bilan yurgan Jumaboy mahallasi, Past qishlog‘ida yashovchi Jo‘rabek Ziyodovga duch keladi.

Jo‘rabek Qilichbekning gaplaridan holatni tezda tushunib, bolani qutqarish uchun zovur tomonga yuguradi. Zovur yoqalab bir chaqirimdan ortiq yugurib borayotib, suv ustida qimirlamay oqib ketayotgan bolani ko‘radi va ust-boshi bilan o‘zini suvga tashlab, bolani suvdan olib chiqadi. Biroq bola hushsiz va nafas olmayotgandi.

Jo‘rabek bolaning nafas olishi uchun qo‘ldan kelgan hamma ishni qiladi. Nishonbekning tilini tortadi, sun’iy havo beradi, bolaning ko‘krak qismini ketma-ket bosib, oyog‘ini osmonga ko‘taradi. Shu yo‘l bilan uni hayotga qaytarishga harakat qiladi. Ko‘rsatilgan ushbu yordamdan so‘ng bola bir seskanib, chuqur nafas oladi va hayotga qaytadi.

Jo‘rabek bolaning ho‘l bo‘lgan ust-boshlarini yechib, uni o‘zining to‘niga o‘raydi, bolani ko‘targancha qishloq tomon yuradi. Yordamga boshqa kishilar ham yetib keladi, tez yordam chaqiriladi.

Jo‘rabek bolani qo‘lidan qo‘ymay, tibbiy tez yordam mashinasida shifoxonaga ham boradi. Shifokorlarning tegishli muolajalaridan keyin Nishonbek o‘ziga keladi va uning yuziga kulgu yugurganini ko‘rgandan keyingina Jo‘rabek ust-boshi jiqqa namligi, o‘zi ham sovuq qotayotganini sezadi.

«Hozirda Nishonbekning sog‘lig‘i joyida. Jo‘rabek Ziyodov esa o‘z yumushlari bilan band. Uning bu odamiyligidan bolakayning ota-onasi, qolaversa, Jumaboy mahallasida istiqomat qilayotgan barcha birdek minnatdor», — deyiladi xabarda.

Kiritildi: 11:43 16.01.2020. O'qildi: 2501 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!