2026 yil 31 maydan 6 iyungacha Samarqandda Global ekologik fond (GEF)ning VIII Assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Bu atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biridir. Bunday darajadagi tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimizning global ekologik maydondagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
GEF Assambleyasi 180 dan ortiq davlat, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiradi. Muhokamalar markazida iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikni saqlash, yer degradasiyasiga qarshi kurashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish masalalari turadi. O‘zbekiston uchun bu nafaqat erishilgan natijalarni namoyish etish, balki yangi strategik hamkorliklarni shakllantirish maydonidir.
Assambleyaning Samarqandda o‘tkazilishi mamlakatimizning global ekologik siyosatda faol ishtirokchi sifatidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlaydi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Orolbo‘yi ekotizimini tiklash, Orol dengizi tubini keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha izchil tashabbuslarni ilgari surmoqda. Assambleya ushbu yutuqlarni keng xalqaro auditoriyaga taqdim etish va qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashni jalb qilish imkonini beradi.
Muhim natijalardan biri — moliyaviy resurslarga kirish imkoniyatining kengayishidir. GEF dunyodagi eng yirik ekologik loyihalar donorlaridan biri bo‘lib, Assambleyaning o‘tkazilishi yangi grant dasturlari va investisiya tashabbuslarini ishga tushirish uchun qulay sharoit yaratadi. Bu esa barqaror qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, noyob flora va fauna turlarini muhofaza qilish bo‘yicha milliy loyihalarni amalga oshirishda qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.
Xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihati ham katta ahamiyatga ega. Assambleya doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi, kelishuvlar imzolanishi va transchegaraviy ekologik masalalar bo‘yicha qo‘shma yechimlar ishlab chiqilishi kutilmoqda. Bu, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun dolzarb bo‘lib, suv, iqlim va ekotizimlarni saqlash masalalarida muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etadi.
Samarqandda bo‘lib o‘tadigan VIII GEF Assambleyasi nafaqat xalqaro forum, balki O‘zbekiston uchun global “yashil” kun tartibida o‘z pozisiyasini mustahkamlash, investisiyalarni jalb etish va milliy ekologik ustuvor yo‘nalishlarni jadallashtirishga xizmat qiladigan strategik imkoniyatdir.