Bugun 21 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Samarqandda soxta organ xodimlari qo‘lga olindi

A A A
Samarqandda soxta organ xodimlari qo‘lga olindi

Joriy yilning 19 avgust kuni Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi “Kechkeldik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi N.F.ning hayotida, ta’bir joiz bo‘lsa, unutilmas voqea yuz berdi.

Xullas, shu kuni u soat 23:00larda tuman hokimligi binosi oldidagi ko‘chada piyoda ketayotgan vaqtida oldiga “VAZ-2106” rusumli avtomashina kelib to‘xtaydi. Mashinadan uch kishi tushib, o‘zlarini tuman Ichki ishlar bo‘limidan ekanliklarini aytishadi. Ulardan biri qizil rangli guvohnomani ko‘rsatib, N.F.ga o‘zlari bilan IIBga borishni talab qiladi.

Nima bo‘layotganini anglab ulgurmasdanoq “organ xodimlari” uni avtomashinaga majburan o‘tirg‘izishadi. Tungi vaqtda karantin qoidalarini buzib, nima maqsadda ko‘chada yurganligini so‘rashadi. Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzib, eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida jarimaga tortishlarini aytishadi. Shunda N.F. qo‘yib yuborishlarini so‘rab, ularga “Pul kerak bo‘lsa, yonimda borini beraman”, deydi. Bu gapdan keyin ular uyali telefoniga hamma gap-so‘zlar yozib olinganini ro‘kach qilib, “Sen bizga pora bermoqchimisan? Manna, endi ushbu gaping uchun o‘zingni “pora berish” jinoyati bilan jinoiy javobgarlikka tortamiz” deb qo‘rqitishadi.

Nihoyat, “organ xodimlari” fuqaroni tuman IIB binosi yaqinigacha avtomashinada olib borib, javobgarlikka tortmaslik evaziga uning yonidagi 462 ming so‘m pulini olishadi. Keyin shu yerda uni tashlab ketishadi.

N.F. avtomashinadan tushgandan keyingina mulohaza qilib ko‘radi. “Ular ichki ishlar bo‘limidan bo‘lmasa-chi”, deb o‘ylab qoladi. Oradan bir necha kun o‘tib, 23 avgust kuni tuman IIBga mazkur holat yuzasidan murojaat qiladi.

Murojaat asosida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu tovlamachilik jinoyatini sodir qilgan qonunbuzarlar tezda fosh etilib, qo‘lga olindi. Ular shu tumanda yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan D. va T., 2002 yilda tug‘ilgan SH. ekan. Ulardan qizil rangli, tashqi qismida gerbli tamg‘asi bo‘lgan guvohnoma, “Nonor” rusumli uyali telefon apparati va 240 ming so‘m pul ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.

Ayni paytda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kiritildi: 11:18 27.08.2020. O'qildi: 2487 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik